13:14 / 26.05.2022
7070

Savdo-sanoat palatasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti muammolari muhokama qilindi

23 may kuni Savdo-sanoat palatasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda meva-sabzavot (xom va qayta ishlangan) mahsulotlar eksportini rivojlantirish, eksportga ko‘maklashish choralarini belgilash va mavjud mexanizmlarni ishlab chiqish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv tashkil etdi. Barcha xohlovchilar tadbirni onlayn kuzatish imkoniga ega bo‘ldi. Hududlardan tadbirkorlar videokonferensaloqa orqali bog‘lanib, muhokamada faol ishtirok etdi.

O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasi zamonaviylashib, raqobatbardosh sohaga aylanmoqda. O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 — 2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi qabul qilindi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Eksportni rag‘batlantirish agentligi, Karantin va o‘simliklarni himoya qilish agentligi vakillari qishloq xo‘jaligining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, eksportchilarni qiynayotgan muammolar haqida so‘z yuritdi. Eksportchilar o‘zlarining mamlakat iqtisodiyotining muhim tarkibiy qismi ekanini chuqur anglagan holda, vaziyatni o‘zgartirishga jiddiy kirishmoqda.

Ammo haligacha hal qilinmagan masalalar ham ko‘p. Oziq-ovqat mahsulotlari, shu jumladan o‘simlik mahsulotlarida pestitsidlar qoldiqlari va boshqa kimyoviy ifloslantiruvchi moddalar miqdorini cheklovlar bo‘yicha me’yorlar va qoidalar Alimentarius Kodeksi parametrlariga mos kelmaydi. Bu esa Kodeks standartlari joriy qilingan davlatlarga mahsulotlarni eksport qilishda qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Bugun yurtimizda ro‘yxatga olingan 72 faol moddaning 60 foizdan ortig‘i (43) Yevropa Ittifoqida foydalanishga ruxsat etilmagan. Bu ushbu pestitsidlar bilan ishlov berilgan bog‘dorchilik mahsulotlarini Yevropa Ittifoqiga eksport qilish mumkin emasligini anglatadi. Pestitsidlardan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha regulyator tomonidan hech qanday nazorat yo‘q. Masalan, O‘zbekistonda foydalanishga ruxsat etilgan xlorpirifos, metomil, asefat va propargit Yevropa Ittifoqi va boshqa bir qator mamlakatlarda taqiqlangan. Pestitsidlar va o‘g‘itlarni olib kirish, ichki savdo va tarqatish tizimi tartibga solinmagan, nazorat qilinmaydi. Yevropa Ittifoqi yoki Kodeks qoidalari joriy qilingan boshqa mamlakatlarga eksport qilishda O‘zbekistonda Kodeks va/yoki Yevropa Ittifoqi parametrlariga muvofiq mahsulotlarni PDK (konsentratlarning ruxsat etilgan darajasi) uchun sinovdan o‘tkazuvchi akkreditatsiyalangan toksikologik laboratoriyalar mavjud emas.

Oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash bilan birga eksport mutaxassislarning axborot va amaliy yordami, GAP (maqbul qishloq xo‘jaligi amaliyoti), GHP (gigiyena amaliyoti), GMP (ishlab chiqarish amaliyoti) singari jahon amaliyotlarini joriy etish zarur.

Davra suhbatiga fitosanitariyani tartibga solish bo‘yicha mutaxassislar taklif etilib, ular tomonidan tartibga solish me’yorlarini zudlik bilan isloh qilish zarurligi tushuntirildi.

Zamonaviy eksport oziq-ovqat xavfsizligi va fitosanitariya me’yorlarini yagona standartlarga yetkazish uchun zamonaviy yechimlarni talab qiladi.

Savdo-sanoat palatasining vazifasi eksportyorlar va davlat nazorati organlarining fikrlarini tinglagan holda qishloq xo‘jaligiga xorijning o‘xshash mahsulotlari bilan ham sifat, ham narx bo‘yicha raqobatlashish imkoniyatini beruvchi tavsiyalar to‘plamini shakllantirishdan iborat.

An’anaga ko‘ra, uchrashuv yakunida tahliliy ma’lumot uchun takliflar yig‘ilib, vakolatli davlat organlariga taqdim etildi.

Savdo-sanoat palatasi tadbirkorlar bilan Biznes nonushta tadbirlarini davom ettirmoqda. Eksportni rivojlantirish, qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish masalalariga bag‘ishlangan avvalgi uchrashuvlar videoyozuvlari Savdo-sanoat palatasining YouTube sahifasiga joylangan.

28 may kuni kreativ iqtisodiyot masalalariga bag‘ishlangan navbatdagi tadbir bo‘lib o‘tadi. Ro‘yxatdan o‘tish onlayn rejimda amalga oshiriladi, e’lonlar SSPning rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida berib boriladi.

Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati

Top