19:19 / 27.05.2022
6933

“Fermerlar birja savdolarida faol ishtirok etishi kerak” – Oziq-ovqat sanoati uyushmasi raisi Bahodir Umirshayxov

Savdo-sanoat palatasi tomonidan uyushtirilgan navbatdagi biznes-nonushtada Oziq-ovqat sanoati uyushmasi raisi Bahodir Umirshayxov fermerlarni birja savdolariga qiziqtirish kerakligi haqidagi taklifni ilgari surdi.

“Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish masalasida ko‘plab muammolar bor, ammo biz mavjud muammolar oldida ojiz qolmasligimiz, eksport miqdorini yanada ko‘paytirish yo‘llari haqida o‘ylayverishimiz lozim. Taklifim – fermerlarni birja savdolariga jalb qilishimiz, bu uchun fermerlarga birja savdolari haqida tushuncha berishimiz, ularni birjaga qiziqtirishimiz lozim. Birja savdolarida ishtirok etish fermerlarga:

  • o‘z ishlarini rejalashtirish imkonini beradi,
  • fyuchers savdolariga yo‘l ochiladi,
  • ishlab chiqarish va saqlash tizimlari ishlashi uzluksizligini ta’minlash imkonini beradi.

Ammo bundan keladigan asosiy foyda – butun tizim shaffoflashadi. Tizim shaffof bo‘lsa, ko‘p yengilliklarga ega bo‘lamiz.

Bundan tashqari, nafaqat eksport, balki import sohasida ham birjadan foydalanishga o‘tishimiz kerak. O‘zimning birja savdolarida 20 yillik tajribam bor, amaldagi treyderman. Hozirda qo‘shni davlatlardan bug‘doy sotib olishda mazkur import birja orqali amalga oshirilganda bir necha yengillik berilyapti. Lekin bu yengilliklarni kontragentlarimiz tezda his qilib, narxni ko‘tarib olishyapti va respublika tadbirkorlik sub’yektlariga berilgan yengilliklarni yo‘qqa chiqaryapti. Shu uchun narx mexanizmini ochiq-oydin ko‘rsatadigan bo‘lsak, shaffoflashtirsak, erkin narx shakllanishida birja mexanizmini yangi qonunlar bilan quvvatlasak, mamlakatimiz iqtisodiyoti tezroq odimlashiga yordam bergan bo‘lardik” – dedi Oziq-ovqat sanoati uyushmasi raisi Bahodir Umirshayxov.    

Mavzuga oid
Top