15:57 / 27.05.2022
6388

“O‘zsuvta’minot”: 2 mingdan ortiq xodimga ehtiyojimiz bor

“O‘zsuvta’minot” AJ tizimida kadrlar yetishmovchiligi kuzatilmoqda. Oxirgi uch yilda tizimdagi maoshlar salkam 2 barobarga oshib, o‘rtacha 1,8–2 mln so‘mga yetgan. Biroq bu maosh bilan ham sohada ishlash taklifini jozibali deb bo‘lmaydi.

Foto: "O‘zsuvta’minot" AJ

26 may kuni Toshkentda “Suv ta’minoti sohasida kadrlar siyosati: muammo va yechimlar” mavzusida xalqaro matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. “O‘zsuvta’minot” AJ tomonidan tashkil etilgan tadbirda jamiyat rahbariyati va mutasaddilari, xalqaro moliya institutlari vakillari, mahalliy oliygohlar rektorlari va OAV xodimlari ishtirok etdi.

Ma’lum qilinishicha, “O‘zsuvta’minot” AJ va uning tizim tashkilotlarida jami 22 617 nafar ishchi-xodim mehnat qilmoqda. Ularning kasbiy malakasini oshirish uchun o‘qitish va qayta tayyorlash dasturlarini amalga oshirish, yuqori salohiyatga ega kadrlar zaxirasini shakllantirish, kadrlar qo‘nimsizligining oldini olish choralarini ko‘rish, mehnat bozorini o‘rganish va tahlil qilish sohadagi jiddiy muammolardan biri hisoblanadi.

“O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruv raisi o‘rinbosari Xurshid Rahmatullayevning so‘zlariga ko‘ra, tizimda kadrlar qo‘nimsizligi va tanqisligi kuzatilyapti.

“Sohamiz juda qadimiy bo‘lsa-da, unda ishlaydigan xodimlarni saqlab turish, yangilarini jalb qilish muammo bo‘lmoqda. Kadrlar qo‘nimsizligi, tanqisligi kuzatilyapti. Bizda faqat 14 foiz oliy ma’lumotlilar ishlaydi. Ishimizning o‘ziga xosligini hisobga olsak, bu ko‘pmi, kammi? Yoki gender tengligiga qaraydigan bo‘lsak, uch yil oldin oldin bizda ayol-qizlar hissasi 16 foiz edi. Hozir bu ko‘rsatkich 13 foiz. 9 ta institutdan faqat 2 kishi bizga ishlash uchun kelgan. So‘nggi uch yilda sohaga oid faqat bitta ilmiy ish qilingan. Biz o‘z g‘oyalari bilan kelgan yoshlarga imkoniyatimiz doirasidagi barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz”, – dedi u.

“Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” instituti professori Xolmurod Nazarov bu masala yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi:

“Biz bu yil suv ta’minoti muhandislik tizimlari yo‘nalishidan dastlabki kadrlarni tayyorladik. Ularning barchasi “O‘zsuvta’minot” AJ tarmoqlariga ishga jo‘natilishi rejalashtirilgan. Bizning kafedramizda ichimlik suvi va ekologiya muammolari bo‘yicha to‘rt nafar professor tadqiqot olib bormoqda va ta’lim bermoqda”.

“O‘zsuvta’minot” AJ xodimlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Kenjabek Jo‘rayev ayrim raqamlarni qayd etib o‘tdi:

“AJ tizimida 18 ta MChJ bor. Jami 23 ming nafarga yaqin xodim ishlaydi. Bugungi kunda 2 mingdan ortiq ishchiga ehtiyojimiz bor. O‘tgan yili 4 mingdan ortiq xodimimiz turli tarzda ta’lim olishdi. 115 xodimimiz OTMlarga kvota asosida qabul qilindi. Jamiyatimiz 7 ta OTM bilan hamkorlik o‘rnatgan. Kuni kecha Termizda talabalar bilan gaplashib keldim. 116 nafar muhandis metrolog-texnologlar bizda ishlash istagini bildirishdi”.

Kun.uz muxbirining “Sohaga yangi xodimlarni, xususan yoshlarni jalb qilishda maoshning ahamiyati katta. Sizlarda ilk marta ish boshlagan xodimlarning maoshlari qanaqa?” – degan savoliga Xurshid Rahmatullayev quyidagicha javob berdi:

“Bundan uch yil oldin sohamizda respublika bo‘yicha o‘rtacha oylik 700-750 ming so‘mni tashkil qilgan. So‘nggi yillarda iste’molchilar bilan ishlash, billing, buxgalteriya tizimlari tufayli pul oqimlari shaffofligini ta’minladik. 3 yil oldin sohamiz korrupsiya eng yuqori 16 tashkilotdan biri edi. Albatta, hozirda butunlay yo‘q qildik deya olmayman, lekin ancha ishlar amalga oshirildi.

Oxirgi ikki yilda 3 ta – prezident imzolagan ikkita va Vazirlar Mahkamasining bitta qarori qabul qilindi. So‘nggi yilda oyliklarni 1,9 barobarga ko‘tardik. Sohadagi o‘rtacha maosh 1,8–2 mln. Qo‘shimcha bonuslarimiz bor, nazoratchilar tushumni oshirsalar, metrologlar buyurtmalarni tezkor va sifatli bajarsalar, rag‘batlantirish ko‘payadi.

2 yil oldingiga nisbatan qiziqish ancha oshgan, lekin baribir yoshlar kam. Asosan boshqa sohadan ishdan chetlashtirilganlar kelyapti. Motivatsion, yangilikka chanqoq yoshlarni ko‘rmayapmiz. To‘g‘ri, 2 mln so‘m bilan ularni jalb qila olmasmiz. Biz aksionerlik jamiyatimiz. O‘zimizni ta’minlashimiz kerak. Maoshni oshirsak, bu tarif siyosatiga, oshirilgan narxlar esa ijtimoiy holatga ta’sir qiladi”, – deydi “O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruv raisi o‘rinbosari Xurshid Rahmatullayev.

Mavzuga oid
Top