13:27 / 28.05.2022
12391

Mamarizo Nurmuratov Markaziy bank raisligiga qayta tayinlandi

2017 yildan beri Markaziy bank raisi lavozimida ishlab kelayotgan Mamarizo Nurmuratov o‘z lavozimida qoldirildi.

Foto: KUN.UZ

Oliy Majlis Senatining yigirma oltinchi yalpi majlisida Markaziy bank boshqaruvi raisini tayinlash masalasi ko‘rib chiqildi. 2017 yil iyunda birinchi marta ushbu lavozimga tayinlangan Nurmuratovning nomzodi Prezident tarafidan yana qaytadan taqdim etilgan. Senatda Mamarizo Nurmuratov ikkinchi muddatga Markaziy bank lavozimiga tayinlandi.

Ma’lumot uchun, Mamarizo Nurmuratov 1960 yili Samarqand viloyatida tug‘ilgan. 1977 yili Toshkent xalq xo‘jaligi institutiga o‘qishga kirib, 1982 yili Leningrad iqtisodiyot-moliya institutini tamomlagan. 1982-1985 yillarda Toshkent Xalq xo‘jaligi institutida o‘qituvchilik qilgan. 1985-1988 yillarda Moskva Moliya instituti aspiranturasida tahsil olgan. Iqtisodiyot fanlari nomzodi. 1989-1993 yillarda Toshkent xalq xo‘jaligi instituti va Moliya institutlarida dotsent bo‘lib ishlagan. 1993 yildan boshlab Markaziy bank tizimida faoliyat ko‘rsata boshlagan: Markaziy bankda Ilmiy tadqiqotlar markazi boshlig‘i, Boshqaruv raisining o‘rinbosari, Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. 2000-2004 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri lavozimida faoliyat yuritgan. 2004-2006 yillarda Samarqand viloyatiga rahbarlik qilgan. 2006-2017 yillarda O‘zbekiston Markaziy banki raisining maslahatchisi, 2017 yil iyundan boshlab esa Markaziy bank raisi lavozimida ishlab kelmoqda.

Top