18:32 / 30.05.2022
19897

Qozog‘iston uni qimmatlashganiga izoh berildi 

Qozog‘istondan import qilinayotgan un narxining keskin oshishiga Rossiya va Ukraina o‘rtasida davom etayotgan urush hamda shu tufayli dunyo bozorida yuzaga kelgan beqaror vaziyat sabab. Bu vaziyat esa vaqtinchalik holat hisoblanadi.

Bu haqda 30 may kuni AOKA majlislar zalida g‘allani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga o‘tilishi jarayonlari yuzasidan o‘tkazilgan navbatdagi matbuot anjumanida aytib o‘tildi.

«So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonga Qozog‘istondan import qilinayotgan un narxlarining oshishi kuzatilmoqda. Bunga avvalo import narxining oshishi sabab.

Narxlar erkinlashishi jarayoniga o‘tilarkan, biz un narxining qisqa vaqt ichida keskin oshib ketishi oldini olish maqsadida 1 iyundan bozorga yetarli miqdorda un mahsulotlarini ham chiqaramiz. Buning uchun keraklicha zaxira to‘plangan. Masalan, hozir bir oyda 130 ming tonna un ichki savdo uchun bozorlarga chiqarilayotgan bo‘lsa, bizda yana 50 ming tonna qo‘shimcha un bor. U zarur hollarda savdoga chiqariladi.

O‘ylaymanki, import qilingan unning bir oyda 100 ming so‘mga oshishi –– Rossiya va Ukraina o‘rtasida yuzaga kelgan siyosiy tanglikning ta’siri va bu holat vaqtinchalikdir. Chunki har bir mahsulotning qiymati bo‘ladi, o‘sha qiymatdan oshganidan so‘ng, iste’molchi uning o‘rniga boshqa mahsulotni iste’mol qilishni boshlaydi.

Hozir narxlar o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqdi desak bo‘ladi. Biz bu narxlarning ortga qaytishini kutyapmiz va yana bir bor qayta aytaman, qo‘shimcha un zaxiralari yaratilgan. Bu bilan bozordagi barqarorlikni ta’minlaymiz», – deya Moliya vazirligi departament direktori To‘lqin Mirzayev so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top