07:44 / 31.05.2022
13199

Koreyaga ketayotgan mehnat muhojirlari uchun test sinovi sanalari ma’lum bo‘ldi

Foto: Kun.uz

Koreyaga vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun 2022 yil 2 iyundan 15 iyulga qadar o‘tkaziladigan EPS-Topik UBT test sinovlari to‘g‘risida ma’lumot berildi.

O‘zbekiston va Koreya Respublikalari Bandlik va mehnat vazirliklari o‘rtasida tuzilgan “Ishchilarni Bandlikka ruxsat berish tizimi asosida Koreya Respublikasiga yuborish to‘g‘risida”gi anglashuv memorandumiga muvofiq, koreys tilidan EPS-Topik test imtihoni 2022 yil 2 iyundan 15 iyulgacha bo‘lib o‘tadi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabariga ko‘ra, EPS-Topik UBT test imtihoni Toshkent shahri Yangihayot tumani Lutfikor ko‘cha 33-uy manzili bo‘yicha bo‘lib o‘tadi.

Imtihonga kelganda so‘raladigan hujjatlar va ma’lumotlar: fuqarolik va xorijga chiqish pasporti; 3,5 x 4,5 hajmdagi sifatli oq fonli rangli fotosurat (2-dona).

Bilish kerak bo‘lgan ma’lumotlar:

  • fuqarolik hamda xorijga chiqish pasportini olib kelmagan fuqarolar imtihonga kiritilmaydi;
  • fuqarolar imtihonga belgilangan vaqtdan 1 soat oldin ko‘rsatilgan manzilga yetib kelishi va ro‘yxatdan o‘tishi lozim;
  • imtihonga belgilangan sana va vaqtidan kech qolgan fuqarolar kiritilmaydi;
  • Koreya Respublikasining Inson resurslarini rivojlantirish xizmati shartlariga ko‘ra, takror yoki qayta appelyatsiya EPS-Topik UBT test imtihonlari o‘tkazilmaydi;
  • test imtihonida elektron vositalardan (mobil telefon, elektron soatlar, shpargalkalar va hokazo) foydalanish qat’iyan man etiladi;
  • Koreya Respublikasining Inson resurslarini rivojlantirish xizmati talablariga muvofiq, EPS-Topik UBT test imtihoni qoidalarini buzgan fuqarolar 3 yil davomida test imtihonida qatnashish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi.

EPS-Topik UBT yangi tartibda joriy qilingan bo‘lib, bunda imtihonni yanada shaffof o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Imtihon vaqtidagi har bir nojo‘ya harakatlar kamera orqali aniqlanib boriladi. Test imtihoni chet el vakillari ishtirokida o‘tkazilayotgani inobatga olingan holda imtihon jarayonida navbatga rioya qilish, tartibli bo‘lish, shovqin qilmay, boshqa fuqarolar manfaatiga putur yetkazmasdan ishtirok etish so‘raladi.

Top