16:30 / 31.05.2022
11343

Savdo-sanoat palatasi Dieffenbacher bilan muzokara o‘tkazdi

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov boshchiligidagi palata delegatsiyasi hamda ITSV vakillari mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi bilan hamkorlikda Eppingen shahrida joylashgan Dieffenbacher korxonasi bilan muzokara o‘tkazishdi.

Foto: Savdo-sanoat palatasi

Dieffenbacher – yog‘och-qirindidan plitalar (DSP, MDF, OSP, LVL) ishlab chiqarish liniyalarining dunyodagi yetakchi ishlab chiqaruvchisi bo‘lmish korxona. Dunyo bo‘ylab ko‘plab korxonalar o‘z faoliyatini rejalashtirishda, jihozlashda va modernizatsiya qilishda aynan Dieffenbacher'ga suyanadi. CPS+ yordamida Dieffenbacher uzluksiz presslashning oltin standartini o‘rnatdi.

Davlat rahbari joriy yil 12-13 may kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi davomida Buvayda tumanidagi eshik-rom va duradgorchilik mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasini ko‘zdan kechirganda bergan topshiriqlari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi elchixonasi ko‘magida Savdo-sanoat palatasi vakillari tomonidan Germaniyadagi soha tadbirkorlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish masalasi ko‘rib chiqildi.

Germaniyaning Eppingen shahrida faoliyat yurituvchi yog‘och-qirindidan yasaladigan mahsulotlarni preslovchi uskunalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik Dieffenbacher korxonasi vakillari bilan ham uchrashuvlar tashkil qilindi.

Dieffenbacher o‘z sohasida yetakchi texnologiya ishlab chiqaruvchi korxona bo‘lib, ishlab chiqaradigan uskunalari va ko‘rsatadigan xizmatlarining 70 foizidan ortig‘i eksport qilinadi.

Ushbu kompaniya vakillari bilan dastlabki muzokaralarda kompaniya texnologik uskunalarini O‘zbekiston bozoriga olib kirish, mamlakatimizdagi duradgorlik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning ikkilamchi mahsulotlaridan ushbu kompaniya uskunalari yordamida presslangan boshqa mahsulotlar ham ishlab chiqarish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Shuningdek, kelgusida kompaniya vakillari bilan O‘zbekistondagi ushbu texnologiyalarga bo‘lgan talabni chuqur o‘rganib, tahlil qilgan holda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari kelishib olindi.

Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati (T)

Top