13:11 / 01.06.2022
21026

AQShning Toshkentdagi elchixonasi aprel oyida eng ko‘p grin-karta vizasi berish bo‘yicha dunyoda ikkinchi bo‘ldi

Aprel oyida eng ko‘p DV vizasini bergan AQShning xorijdagi vakolatxonalari orasida Toshkentdagi elchixona 2-o‘rinni egalladi. Oy davomida Amerikaning O‘zbekistondagi konsuli 281 nafar fuqaroga grin-karta lotereyasi vizasini bergan.

Foto: uz.usembassy.gov

“Biz grin-karta lotereyasini qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz”, deya izoh berdi yuqoridagi ma’lumotni Facebook-sahifasida e’lon qilgan elchixona.

AQSh Davlat statistika departamenti axborotiga ko‘ra, AQShning Toshkentdagi vakolatxonasi 2022 yil aprel oyida quyidagicha miqdorlarda immigratsion vizalar taqdim etgan:

  • DV – 281 ta;
  • FX – 221 ta;
  • IR1 – 19 ta, IR2 – 7 ta, IR5 – 35 ta;
  • F2A – 16 ta, F2B – 10 ta;
  • CR1 – 5 ta, CR2 – 1 ta;
  • SE – 4 ta, F1 – 7 ta.

Avvalroq Kun.uz 2022 yil aprel oyi holatiga o‘zbekistonlik DV-2022 g‘oliblarining atigi 24 foizi suhbatga chaqirilgani haqida yozgandi. AQShning Toshkentdagi elchixonasi 2020 yil boshida pandemiya sababli faoliyatini keskin qisqartirib, o‘tgan yilning oktyabriga kelibgina grin-karta g‘oliblarini suhbatga chaqira boshlagan, suhbatga chaqirilganlar soni bo‘yicha AQShning boshqa elchixonalaridan karrasiga ortda qolayotgandi.

O‘zbekiston – aholisi eng ko‘p grin-karta o‘ynaydigan davlatlar ro‘yxatida turadi. Har yili qariyb 2 million o‘zbekistonlik Diversity Visa (DV) – xilma-xillik dasturida qatnashadi.

Diversity Visa Program – Amerika jamiyatida millatlar xilma-xilligini ta’minlashga qaratilgan viza dasturi. Dastur AQShda 1990 yilda qabul qilingan qonun asosida yo‘lga qo‘yilgan. Undan ko‘zlangan maqsad – AQShga tarixan immigratsiya ko‘rsatkichlari past bo‘lgan millatlar vakillariga Amerikada yashash huquqini berishdir.

Top