08:49 / 01.06.2022
16317

Nodavlat sport muassasalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash rejalari ma’lum bo‘ldi

Foto: surviib

Prezidentning “Nodavlat sport-ta’lim muassasalarida olimpiya va paralimpiya sport turlari bo‘yicha sportchilarni tayyorlash va ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Jismoniy tarbiya va sport sohasida nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatishning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

  • aholining keng qatlami, yoshlar, shu jumladan xotin-qizlarni jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishga jalb etish maqsadida ular o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni, sog‘lom turmush tarzini yanada ommalashtirish;
  • sport turlari bo‘yicha jamoalarni tashkil etish, ular o‘rtasida turli sport musobaqalari va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarini tashkil etish orqali iste’dodli yosh sportchilarni saralash (seleksiya);
  • jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlari jarayoniga malakali trenerlar va mutaxassislarni jalb etish, tizimli ravishda ilg‘or tajribani joriy qilish;
  • zarur zamonaviy moddiy-texnika bazasini yaratish, sport turlari bo‘yicha milliy terma jamoalarning asosiy va zaxira tarkibiga yuqori mahoratli sportchilarni tayyorlash yuzasidan o‘quv-mashq jarayonini tashkil etish;
  • sport tayyorgarligi bosqichlarida barcha yosh guruhlari bo‘yicha sportchilarni o‘qitish usullari va shakllarining uzviyligini ta’minlash, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish uchun an’anaviy mashg‘ulotlarni tashkil etish bilan bir qatorda sifatli va ommabop mashg‘ulotlar o‘tkazishning muqobil imkoniyatlarini yaratadigan pulli xizmatlar ko‘rsatish;
  • tajriba almashish masalalari bo‘yicha sport tashkilotlari va federatsiyalar (assotsiatsiyalar) bilan hamkorlikni rivojlantirish, sportchilarning sport mahoratini, trenerlar va boshqa mutaxassislarning kasb malakasini oshirish;
  • ilg‘or xalqaro tajribalarni inobatga olib, o‘qitishning innovatsion pedagogik shakllari, uslublari hamda zamonaviy texnologiyalaridan foydalanish asosida sport sohasidagi samaradorlik va natijani oshirish.

Jismoniy tarbiya va sport sohasida faoliyat ko‘rsatadigan maktabdan tashqari nodavlat sport-ta’lim muassasasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning quyidagi choralari joriy etiladi:

a) 2012 yildan boshlab Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilar tomonidan tashkil etilgan nodavlat sport muassasasi faoliyatini olib borish uchun davlat tasarrufida bo‘lgan zarur bino va inshootlarning ijara to‘lovlarisiz (kommunal to‘lovlar bundan mustasno) ularga taqdim etish;

b) moddiy-texnik bazasini mustahkamlash (avtotransport vositalarini sotib olishdan tashqari) va ta’mirlash-tiklash ishlari, nodavlat sport muassasasi tomonidan jismoniy tarbiya va sport xizmatlarini ko‘rsatish uchun tijorat banklari kreditlari bo‘yicha Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qonunchilikda belgilangan miqdorlarda va shartlarda kafilliklar hamda foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiyalar taqdim qilish;

v) 2026 yil 1 yanvarga qadar nodavlat sport muassasasi tomonidan jismoniy tarbiya va sport xizmatlarini ko‘rsatish uchun foydalaniladigan bino va inshootlar ijara to‘lovi xarajatlari 50 foizigacha, biroq davlat ko‘chmas mulk obektlaridan foydalanganlik uchun ijara to‘lovi qonunchilikda belgilangan minimal stavkasining 50 foiz miqdoridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berish;

g) quyidagi hollarda, respublika budjeti mablag‘lari hisobidan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlari bo‘yicha sportchilarni tayyorlashni bevosita amalga oshiradigan nodavlat sport muassasasida faoliyat ko‘rsatadigan trenerga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorida bir nafar sportchi uchun foiz hisobida bir martalik rag‘batlantirish mablag‘larini ajratish:

  • Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari, jahon chempionatlari va kuboklari sovrindori (I-III o‘rinlar) bo‘lganda – 300 foiz;
  • Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari, Osiyo chempionatlari va kuboklari sovrindori (I-III o‘rinlar) bo‘lganda – 250 foiz;
  • O‘zbekiston chempionatlari va kuboklari sovrindori (I-III o‘rinlar) bo‘lganda – 200 foiz;
  • O‘zbekiston terma jamoasi asosiy tarkibi a’zosi bo‘lganda – 150 foiz;
  • O‘zbekiston terma jamoasi stajyori bo‘lganda – 100 foiz.

Nodavlat sport muassasasi 2026 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatda quyidagi to‘lovlardan ozod qilinadi:

  • barcha turdagi soliq va davlat maqsadli jamg‘armasiga majburiy to‘lovlardan (yagona ijtimoiy to‘lovdan tashqari), bunda ozod qilinayotgan mablag‘lar ularni zamonaviy sport jihozlari va uskunalari bilan jihozlash, zarur mahsulotlar sotib olish, bino va inshootlarni rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga bepul ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishga maqsadli yo‘naltiriladi;
  • mehnat shartnomasi asosida sport mashg‘ulotlari jarayoniga jalb qilingan xorijiy trener va mutaxassislarning oylik ish haqidan yagona ijtimoiy to‘lov;
  • Sportni rivojlantirish vazirligi tomonidan belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha xorijdan olib kelinadigan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan sport anjomlari, jihozlari, uskunalari, sun’iy sport maydonlari va ularning yordamchi uskunalari (shu jumladan, maxsus mashg‘ulot trenajyorlari, zamonaviy ilmiy texnologiya vositalari), maxsus sport kiyimlari (ekipirovkalar), kompyuter texnikasi, multimedia mahsulotlari, sport tibbiyoti jihozlari, tibbiy biologik va farmakologik preparatlar bojxona boji uchun to‘lov.
Top