18:48 / 01.06.2022
9126

Samarqandda 68 ming dollarga yer sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi

O‘zini Past Darg‘om tumani kadastr bo‘limi xodimi deb tanishtirgan shaxs va uning sherigi fuqarodan 70 sotix yer uchun 68 ming dollar so‘rab, undan 32 ming dollarini olayotganda ushlangan.

Foto: Samarqand viloyati IIB axborot xizmati

Samarqand viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, 2022 yil 31 may kuni viloyat IIBga fuqaro M.A. ariza bilan murojaat qilib, o‘ziga nisbatan firibgarlik qilmoqchi bo‘lgan shaxslarga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Ma’lum bo‘lishicha, M.A. tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun Past Darg‘om tumani hududidan yer olmoqchi bo‘lganida, o‘zini Kadastrlar palatasi Past Darg‘om tumani filiali xodimi deb tanishtirgan D.M. bilan tanishib qolgan.

D.M. o‘zining tanishi B.S.ning sotiladigan yeri borligini aytib, D.M.ni u bilan uchrashtirgan. B.S. Past Darg‘om tumani To‘rttom mahallasi hududida joylashgan hokimiyat zaxirasida bo‘lgan hamda vaqtincha qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun o‘zi foydalanib kelayotgan 70 sotix yerni 65 ming dollarga sotishini hamda 3000 dollar evaziga yerning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berishini aytgan.

So‘ng kelishilgan puldan 33 ming dollarini oldindan berishini talab qilgan.

Mazkur arizaga asosan, viloyat IIB JQB, DXX viloyat boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi xodimlari hamkorligida, Past Darg‘om tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, D.M. va B.S. ariza muallifi M.A.dan talab qilingan 68 ming dollardan 32 ming dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan Past Darg‘om tuman prokuraturasi tomonidan D.M. va B.S.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Samarqand tumanida 5 sotix yerni 100 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlangandi.

Top