17:40 / 01.06.2022
15742

Simli internet tezligi bo‘yicha O‘zbekiston qator rivojlangan davlatlarni ortda qoldirdi

Speedtest.net – Ookla kompaniyasi (AQSh) tomonidan 2006 yilda tashkil etilgan bo‘lib, internet tezligini o‘lchash testlari natijalarini umumlashtirib, o‘rtacha statistik ko‘rsatkichlar asosida davlatlarning oylik/yillik reytingi shakllantiriladi.

Speedtest Global Index (www.speedtest.net)  reytingining joriy yil aprel oyining yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston simli Internet resurslarining yuklanish tezligi bo‘yicha – 39,76 Mbit/sek tezlik bilan 181 ta davlat ichida 6 pog‘ona ko‘tarilib 84-o‘rinni egalladi. Mazkur reytingda Armaniston – 90, Qozog‘iston – 92 (aksariyat internet kanallari shu davlat orqali bizga keladi), Turkiya – 101, Ozarbayjon – 118-o‘rinda.

Internet narxi bo‘yicha avval xabar berilganidek, BMT Xalqaro elektr aloqa ittifoqining 2021 yilgi hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston keng polosali mobil internet narxlari bo‘yicha BMTning 2 foizlik ko‘rsatkichini bajargan 4 davlat qatoridan joy oldi.

Britaniyaning Cable.co.uk portali ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo reytingida O‘zbekiston mobil internet xizmatlarining arzonligi bo‘yicha 21-o‘rinni, keng polosali simli internet xizmatlarining arzonligi bo‘yicha 19-o‘rinni egalladi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan joriy yilning aprel oyida o‘tkazilgan so‘rovnomada aniqlanishicha, aloqa va internet xizmatlari aholi tomonidan narxlarning o‘sishi eng kam sezilgan xizmatlar (tovarlar) sifatida e’tirof etilgan.

Raqamli infratuzilmani yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida joriy yil boshidan:

  • Internet tarmog‘iga ulanish tezligini yanada oshirish maqsadida Xalqaro paketli kommutatsiya markazining o‘tkazuvchanlik imkoniyatlari 1,8 Tbit/sek.dan 3,2 Tbit/sek.ga yetkazilib, 1,8 barobarga oshirildi;
  • transport telekommunikatsiya tarmog‘ini o‘tkazuvchanlik qobiliyatini viloyat markazigacha 600 Gbit/sek yoki 3 barobarga, tuman markazlarigacha 60 Gbit/sek.ga yoki 3 barobarga kengaytirildi;
  • hozirgi kunga qadar respublika miqyosida 19 ming kilometrdan ortiq optik tolali aloqa liniyalari qurildi.

Mazkur ishlarni tizimli davom ettirgan holda 2022 yil yakuniga qadar quyidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi:

  • birinchidan, mobil aloqa operatorlari tarmoqlarida 4 mingta yangi tayanch stansiyalarini o‘rnatish (bu Speedtest Global Index’da mobil internet tezligi bo‘yicha mamlakat reytingining oshishiga yordam beradi);
  • ikkinchidan, transport telekommunikatsiya tarmog‘ini o‘tkazuvchanlik qobiliyatini viloyat markazigacha 700 Gbit/sek.gacha va tuman markazlarigacha 80 Gbit/sek.gacha yetkazish;
  • uchinchidan, respublika miqyosida 620 ming portga teng keng polosali tarmoq qurilmalarini o‘rnatish hamda 50 ming kilometrdan ortiq optik tolali aloqa liniyalarini qurish.

Mazkur loyihalar amalga oshirilishi natijasida yil yakuniga qadar mamlakatimiz aholisini yuqori tezlikdagi internet xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari kengaytiriladi, mobil aloqa xizmatlari sifati yaxshilanadi hamda Xalqaro reytingda O‘zbekistonning o‘rnini yanada oshirilishi ta’minlanadi.

Reklama huquqi asosida.

Top