20:55 / 02.06.2022
38934

Tutqich bermayotgan yirtqichlar. Xonqizda noma’lum maxluqlar chorvalarni bo‘g‘izlab ketmoqda 

Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumani Xonqiz qishlog‘ida paydo bo‘lgan noma’lum maxluq aholining chorvasi, xususan qo‘y-echkilarini bo‘g‘izlab ketmoqda. Mas’ullar aholiga yordam berishga shoshilishmayapti.

Avvalroq Kun.uz saytida Asaka tumanida noma’lum maxluq yuzdan ortiq qo‘yni bo‘g‘izlab ketgani, yirtqich odamlarga ham hujum qilgani haqida maqola e’lon qilingan edi. Xuddi shunday holat sabab, mana necha kundirki xonqizliklarning halovati yo‘qolgan. Tunda xonadonlardagi qo‘ralarga o‘ralagan noma’lum yirtqichlar qo‘y va parrandalarni bo‘g‘izlab ketmoqda. Qishloq ahli sarosimada. Asosiy daromadi chorvachilik bo‘lgan xonqizliklar holatdan vahimaga tushib qolgan. Chorvaning chalajon qilib ketilishi bilan bog‘liq ilk holat shu yil 23 may sanasida qayd qilingani aytildi. 

Qishloqning Soybo‘yi ko‘chasida istiqomat qiluvchi Meliqo‘zi aka Eshonxonov asrab-avaylashiga qaramay, yirtqichlar 6 bosh qo‘yini bir kechada bo‘g‘izlab ketgan. 

Meliqo‘zi Eshonxonov 

«Payshanbadan jumaga o‘tar kechasi shuncha avaylashimga qaramasdan maxluq kelib 6 ta qo‘yimni shu yerda bo‘g‘izladi. Bittasini olib chiqib bir chekkaga olib borib yegan.

Qurbonlik qilib, el-u xalqqa yegizaman, degan maqsadim bor edi. Qo‘ylardan birini nabiramning to‘yi uchun boqayotgandim. Yaxshi niyat bilan boqayotgan jonivorlarimni bir kechada “pachoq” qilib chiqib ketdi. 

O‘sha voqeadan keyin necha kun o‘tgan bo‘lsa noma’lum yirtqich hali u yoqda hali bu yoqda odamlarning qo‘yini nobud qilib ketyapti.

Mahalla oqsoqoliman. Xonadonlarda mana shunday holat deyarli har kuni takrorlanyapti. Uchramagan rahbarim qolmadi. Vaziyatni tushuntiray desam “kattalar” telefonimni ko‘tarmaydi. Tadbirkorlikni endigina boshlagan Abduhalil ismli mahalladoshimning kuni kecha tovuqxonasini pachoqlab buzib, parrandalarni o‘ldirib yeb ketdi. Nima qilishni ham bilmay qoldik. Odamlarning tinchini buzayotgan yirtqichni ushlasa bo‘ladi-ku. Holat shunday takrorlanaversa biz qolib, qo‘shni mahalla xonadonlarini ham xonavayron qiladi-ku, bu yirtqichlar. 

Shunday bir ustomon yirtqich ekanki, odamlarni chalg‘itib turib hayvonlarning qonini so‘rib ketyapti. Dumbasini yeb ketyapti. Mahallamizning o‘zidan 7 ta xonadonga hujum bo‘ldi. Boshqa mahallalarga ham hujumlar qilganini eshityapmiz. Noma’lum maxluq shu atrofga qayergadir o‘rnashib olgan. Melisa bordir, prokuratura bordir, hokimiyat bordir, “stolda” o‘tirganlar nimalar sodir bo‘lgani bilan qiziqib holimizdan xabar olgani yo‘q. 

Qo‘shnimizning sutini ichaman deb dorilikka atab sotib olgan echkilarini ham o‘ldirib ketdi. Echkilardan keyin mening 6 qo‘yimni “oldi”. Undan keyin narigi mahallada insult kasali bilan og‘rib, bir joyda yotgan domlaning 5 qo‘yini bo‘g‘izlab ketdi. Kasalligi sabab unga bildirmadik. Keyin esa yana bir qo‘shnimning aqiqaga atab boqayotgan ikki katta qo‘chqorini yeb ketdi. Xonadonlardan birida buzoqchaga ham hujum qildi.

Xalqning duosi ko‘l deyishadi. Xalq uchun yirtqichni ushlab beradigan mard topilmayapti. Ovchini chaqirtirsak, o‘q yo‘q, o‘q olib beringlardan boshqasiga o‘tmaydi», – deydi u.

Masirxo‘ja Iskandarov nabirasining aqiqasiga atab ikki qo‘chqor boqayotgan edi. Yarim tunda jonivorlardan xabar olgani chiqqan xonadon sohibi qo‘ylarini yirtqich o‘ldirib bo‘lib yeyayotganini ko‘radi va darhol qo‘liga panshaxa olib maxluqqa tashlanadi. Yirtqich esa devordan oshib qochib ketgan. 

Masirxo‘ja Iskandarov 

«Qandaydir yirtqich hayvonlar qishlog‘imizda izg‘ib yuribdi. 130 ta xo‘jalikdan bo‘lmaganda 25 bosh qo‘yni o‘ldirdi. Uyimizga kirib ikki boquvdagi qo‘chqorni nobud qildi. Oilada 12 jonmiz. Yaqinda ham kelin olib nevara to‘yi qiladigan edim. Ikki qo‘chqorimni yorib, yonidagi 4 bosh quyonni ham nobud qilib ketdi. Qo‘chqorlardan birining jigar va o‘pkasini yeb ketdi.

00:15 larda chiqib qaraganimda qo‘chqorlar joyida yotgan edi. 01:45 lar atrofida chiqsam ne ko‘z bilan ko‘rayki, qo‘chqorimni oxurning tagidan sudrab tashqariga olib chiqib qo‘yibdi. Yirtqichni it deb hisoblamayman. Yirtqichlarning qorni to‘ymagan ekan. O‘ldirib ketgandan keyin yana bir soat o‘tar-o‘tmas molga ilhaq bo‘lib hovliga chiqdim. Shunda yirtqich sharpani sezib, xashakning ustida yotgan quyon o‘ligini olib qochib ketdi. 

Yirtqich odamdan ham hushyor ekan. Ikkinchi yirtqich oxur tagida yotgan qo‘yni yeyayotgan ekan. To‘satdan menga tashlanib qoldi.  Qo‘limdagi panshaxani yirtqichga qarab sanchdim. Lekin u devordan sakrab qochib ketdi. Ko‘zim bilan ko‘rgan yirtqich itlardan ancha uzun edi.

Mutasaddilar holimizdan xabar olishgani yo‘q. Yirtqichlar odamlarni ham nobud qilmasligiga kim kafolat beradi?!

Qo‘rqqanimizdan ehtiyotimizni qilib yashayapmiz. Tovuq ham, mol ham oldimizda yotibdi “qulflanib”. Bu ketishda qanday qilib oilaviy tadbirkor bo‘lamiz. Har qo‘ra yonidan o‘tayotganimda qo‘chqorlarim ko‘z oldimdan o‘tadi. Bo‘lmaganda 10 million so‘mlik katta qo‘chqorlar edi. Rahbarlarimizdan iltimos qilardikki, yirtqichlarni qishlog‘imizdan haydab chiqarishsa», – deydi M. Iskandarov.

Jigari faoliyatida muammo bo‘lgani sabab uyida parvarishlab sutidan ichib kelayotgan Hoshimjon A’zamovning 4 bosh echkisi ham yirtqich hujumiga uchragan. 

Hoshimjon A’zamov 

«Jigarim ish faoliyatida muammo borligi uchun sutiga deb necha yillardan beri echki boqaman. Sutidan so‘raganlarga ham berardik. Yirtqich hujum qilib, echkilarimni nobud qilib ketdi. Bitta echkiga jarohat yetkazgan. U tirik qoldi. 4 bosh echkini o‘ldirib, jigarini yeb ketdi. Nobud bo‘lgan echkilar o‘rniga yana boshqa echki olib keldim. 

 

Yirtqichning panja izlari

Qo‘rqqanimdan qo‘rani setka bilan o‘rab tashladim. Atrofiga katta chiroqlar o‘rnatib qo‘ydik. Tunda halovatimiz yo‘qolgan. Har soatda kelib xabar olib ketaman. Odamlar yirtqich changalidan qo‘rqqanidan garajlar ichiga qo‘yib boqishga o‘tishdi hayvonlarini. Odamlar shok holatga tushib qoldi. Yirtqichni ushlab bo‘lmayapti. Ular otib yo‘q qilinmaguncha oddiy xalq uni ushlay olmaydi. Shunchalik chaqqon ekanki, 4-5 metrli devorlardan ham sakrab o‘tib ketyapti», – deydi u.  

Halima aya Norxo‘jayeva tong saharda hovliga chiqqanida ikki yirtqich unga hujum qilgan. U maxluq changalidan qochib qutulishga muvaffaq bo‘lgan. 

Halima Norxo‘jayeva 

«Ariq bo‘yiga suv olish uchun ketayotgan edim. Uzumning yoniga borganimni bilaman ikki yirtqich to‘satdan tashlanib qoldi. Agar dod demaganimda, nevaram chiqib yonimga yugurmaganida yeb qo‘yardi. Qo‘rqqanimdan kechgacha bezgak tutdi. O‘shandan beri qo‘rqib hovliga ham ikki kishilashib chiqyapmiz. Yirtqichlar menga tashlangan kun qo‘shnimning qo‘ylarini bo‘g‘izlab ketgan ekan», – deydi Halima Norxo‘jayeva. 

Xonqizliklar aholini vahimaga solib qo‘ygan yirtqich hujumini bartaraf qilish yo‘lida mutasaddi tashkilotlardan yordam so‘rab qolishdi. «Yirtqichlar qachonki ushlansa, uyimizda tinch uxlaymiz, tunda tashqariga chiqishga ham qo‘rqib qoldik», deydi shu qishloqda istiqomat qilayotganlardan yana biri. 

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.

Top