08:47 / 04.06.2022
9539

Toshkentda oraliq masofa saqlamagan Nexia-3 avtobusga urilishi oqibatida haydovchi vafot etdi

Avtobus piyodalarni o‘tkazish uchun to‘xtagandi.

Toshkentda «MAN» rusumli avtobus va «Nexia-3» rusumli yengil avtomobil ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. «Toshshahartransxizmat» axborot xizmati holat bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi.

Joriy yilning 3 iyun kuni soat 16:27 da «Nexia-3» rusumli yengil avtomobil haydovchisi U.O avtomobilni Kichik halqa yo‘li ko‘chasi bo‘ylab Bunyodkor shohko‘chasi tomonga boshqarib borayotgan bo‘lgan.

Xabarda aytilishicha, u belgilangan yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmasdan oldinda harakatlanib ketayotgan transport vositasi bilan oraliq masofa saqlamagani hamda katta tezlikda harakatlangani sababli oldidagi piyodalarni o‘tkazish uchun to‘xtagan «7-Avtobus saroyi» filialiga biriktirilgan, 69-yo‘nalishdagi, haydovchi X.X (1976 yilda tug‘ilgan, staji 18 yil) boshqaruvidagi «MAN» rusumli avtobusning orqasiga kelib urilgan. 

Natijada, yengil avtomobil haydovchisi Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazida vafot etgan.

Hozirda mazkur yo‘l-transport hodisasi bo‘yicha Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan dastlabki tergov ishlari olib borilmoqda.

«Toshshahartransxizmat» AJning harakat xavfsizligini nazorat etish bo‘limi tomonidan xizmat surishtiruvi o‘tkaziladi.

Top