08:47 / 06.06.2022
15292

Janubiy Koreya va AQSh Shimoliy Koreya sinovlariga javoban sakkizta raketa uchirdi 

Sakkizta «yer-yer» sinfidagi raketalarning birgalikda uchirilishi Janubiy Koreya va AQShning Shimoliy Koreyaning 5 iyun kuni o‘tkazgan ballistik raketa sinovlariga javobi bo‘ldi.

Foto: AFP

Janubiy Koreya va AQSh Shimoliy Koreyaning ballistik raketa sinovlariga javoban Yapon dengiziga sakkizta «yer-yer» sinfidagi raketa uchirdi. Bu haqda 6 iyun, dushanba kuni ertalab Janubiy Koreya shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasiga tayanib, «Ryonxap» agentligi xabar berdi.

Janubiy Koreya harbiylariga ko‘ra, Janubiy Koreya va AQSh raketalarining birgalikda uchirilishi «provokatsiyalar manbalariga yoki ularning qo‘mondonlik va qo‘llab-quvvatlash kuchlariga zudlik bilan aniq zarbalar berish qobiliyati va tayyorligini» namoyish etish uchun mo‘ljallangan. 

«Harbiy xizmatchilarimiz Shimoliy Koreyaning bir qator ballistik raketalardan foydalangan holda amalga oshirgan provokatsiyalarini keskin qoralaydi va Shimoliy Koreyani yarimorolda harbiy keskinlikni kuchaytiruvchi va xavfsizlik muammolariga hissa qo‘shadigan harakatlarini zudlik bilan to‘xtatishga jiddiy chaqiradi», — deyiladi qo‘mita bayonotida. 

So‘nggi oylarda xalqaro izolyatsiyada bo‘lgan va qattiq sanksiyalarga uchragan Shimoliy Koreya bir qator raketa sinovlarini o‘tkazdi. 5 iyun, yakshanba kuni Janubiy Koreya shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi Shimoliy Koreya Yapon dengizi tomon sakkizta qisqa masofali ballistik raketa uchirgani haqida xabar berdi. Yaponiya Shimoliy Koreya raketa sinovini tasdiqladi. Mamlakat Mudofaa vazirligi rahbari Nobuo Kisi KXDRdan kamida oltita raketa uchirilganini ma’lum qildi. 

Qo‘shma Shtatlar Pxenyan yadro qurolini sinovdan o‘tkazishi mumkinligidan ogohlantirmoqda, bu 2017 yildan beri birinchi sinovga aylanishi mumkin. May oyi oxirida BMT Xavfsizlik kengashi KXDR tomonidan raketa uchirilishi sababli yig‘ilish o‘tkazdi. Rossiya va Xitoy AQShning Shimoliy Koreyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishga qaratilgan rezolyutsiyasini blokladi. 

Mavzuga oid
Top