20:36 / 06.06.2022
24694

OAV Donbassda rossiyalik yana bir general halok bo‘lganini xabar qildi

Yakshanba kuni Rossiya va Ukrainadagi nashrlar Rossiya armiyasi general-mayori Roman Kutuzov Lugansk oblastining Popasnaya rayonidagi janglarda halok bo‘lgani haqida xabar tarqatdi.

Foto: YURI SMITYUK/TASS

Kutuzovning o‘limi haqida Ukrainaning UNIAN axborot agentligi va Rossiyaning qator sayt va telegram-kanallari, jumladan VGTRK korrespondenti Aleksandr Sladkov xabar berdi.

Xabarlarda rossiyalik deputat Dmitriy Sablinning so‘zlaridan iqtibos keltiriladi: «Do‘stni yo‘qotish og‘ir... Vafot etgan jangchi Romanning xotirasi abadiy»

«Voyennyy osvedomitel» telegram kanali yozishicha, general-mayor Kutuzov Lugansk xalq respublikasi kuchlari nazoratiga o‘tgan Popasnaya rayonining Nikolayevka posyolkasi yaqinidagi harbiy harakatlar chog‘ida halok bo‘lgan.

General-mayor Kutuzov halok bo‘lgan rayon ayni vaqtda rossiyalik harbiylar va «LXR» bo‘linmalari nazoratida bo‘lib turibdi.

Lugansk oblastining Popasnaya rayonida shiddatli janglar ketmoqda. Foto: Reuters

RBK-Ukraina xabariga ko‘ra, Roman Kutuzov urushga qadar Ussuriyskda dislokatsiya qilingan 5-umumqo‘shin armiyasi qo‘mondoni vazifasini bajaruvchi bo‘lgan, Ukrainadagi urush vaqtida esa «DXR» armiya korpusiga rahbarlik qilgan.

Ayni vaqtda bu generalning o‘limi haqida rasman tasdiqlangan ma’lumot yo‘q.

BBC Ukrainaga bosqin boshlanganidan buyon uch nafar rossiyalik general o‘limi haqida tasdiqlangan ma’lumotga ega. Agar Kutuzovning o‘limi haqidagi xabar tasdig‘ini topsa, u to‘rtinchisi bo‘ladi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top