08:53 / 06.06.2022
11663

Ryanair JAR fuqarolarini parvozdan oldin afrikaans tilida imtihondan o‘tishga majburlamoqda - OAV

Janubiy Afrika pasportiga ega yo‘lovchilar afrikaans tilida umumiy bilim imtihonidan o‘ta olmasa, Ryanair reyslariga chiqishi rad etilmoqda, deb xabar berdi Financial Times.

Foto: DPA

Irlandiyaning Yevropadagi eng yirik loukoster aviakompaniyasi Ryanair Janubiy Afrika Respublikasi (JAR) fuqarolaridan Buyuk Britaniya va Yevropaning boshqa mamlakatlariga uchadigan samolyotlarga chiqishga ruxsat berishdan oldin turli sohalardagi savollar bilan afrikaans tilida imtihon topshirishini talab qilmoqda. Bu haqda 5 iyun, yakshanba kuni Britaniyaning Financial Times gazetasi ushbu protseduradan o‘tishga majbur bo‘lgan bir necha kishiga tayanib xabar berdi

Nashrning yozishicha, JAR pasporti egalari, jumladan, Buyuk Britaniyada istiqomat qiluvchi bunday fuqarolar, agar testdan o‘ta olmasa, reyslarga chiqishdan mahrum etilishi haqida ogohlantirilgan. Shu bilan birga, gazetaning ta’kidlashicha, afrikaans Janubiy Afrikada uchinchi eng keng tarqalgan tildir va aparteid davrida aholi bu tilda gapirishga majbur bo‘lgan. Ryanair bu talabni soxta JAR pasportlari ko‘payib ketgani bilan bog‘ladi. JARdan kelgan sayohatchilar aviatashuvchini irqiy kamsitishda ayblamoqda.

FT ixtiyorida bo‘lgan test 15 savoldan iborat. Masalan, JARda yo‘lning qaysi tomonidan harakat amalga oshirilishi yoki mamlakatdagi eng katta tog‘ cho‘qqisining nomi qanday ekaniga javob berish kerak. Aviakompaniya Buyuk Britaniyaga sayohat qilayotgan JAR pasportiga ega yo‘lovchilar «afrikaans tilida oddiy so‘rovnomani» to‘ldirishi kerakligini tasdiqladi. «Agar ular buni uddalay olmasa, ularga parvoz bo‘yicha rad javobi beriladi va pullari to‘liq qaytariladi», dedi Ryanair. 

Mavzuga oid
Top