14:12 / 06.06.2022
17068

Samarqandda «Elektroshoker voqeasi» takrorlanmasligi uchun yangi choralar ishlab chiqildi

Samarqandda qozog‘istonlik turistlarga elektroshoker qo‘llagan ichki ishlar xodimlariga nisbatan choralar, yo‘llarda harakat xavfsizligi, kunlik rejalar va jinoyatchilik va huquqbuzarlik bo‘yicha statistikalarning pasaytirib ko‘rsatilishi - bularning barchasiga viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Rahmat Mamatov ishtirokidagi ilk matbuot anjumanida boshqarma rahbarlari tomonidan aniq javoblar berildi.

Qiziq jihati, ushbu matbuot anjumanini viloyatning barcha tuman va shahar ichki ishlar bo‘limlari rahbarlari ham onlayn rejimda kuzatib turishdi. O‘zlariga tegishli savollarga javob berishdi.

Viloyat IIB boshlig‘i R.Mamatov Kun.uz muxbirining «elektroshoker voqeasi» yuzasidan bergan savoliga javob berar ekan, Samarqand shahridagi umumiy ovqatlanish maskanlariga sutka bo‘yi ishlashga ruxsat berilganini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Shuningdek, nega xorijlik turistlar bilan shahar ko‘chalarida ro‘y bergan mazkur voqeaga Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi xodimlari jalb qilinmaganini ham tushuntirdi. Ma’lum bo‘lishicha, turizm politsiyasi faqat turizm obektlarida xizmat vazifasini o‘tashar ekan.

Umuman, boshqarma boshlig‘i elektroshoker qanday holatlarda qo‘llanilishi, xodimlarning fuqarolar bilan muloqotida muomala madaniyatini oshirishga qaratilgan maxsus yo‘riqnoma ishlab chiqilgani, «elektroshoker voqeasi»da esa xizmat vazifasini suiiste’mol qilgan ikki nafar xodim ishdan bo‘shatilgani, ularning rahbarlariga esa intizomiy choralar qo‘llanilganini aytib o‘tdi.

Yo‘l-patrul va post-patrul xizmatlariga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirish bo‘yicha kunlik reja, shuningdek, uchastka nozirlari tomonidan jinoyat va huquqbuzarlik statiskalarining pasaytirib ko‘rsatilishi oqibatlari haqidagi savolga ham javob berildi.

R.Mamatov bu borada viloyatda vazirlik yoki boshqarma tomonidan hech qanday kunlik reja o‘rnatilmaganini alohida ta’kidladi. Bunday rejalar o‘rnatilishi xodimlarning o‘z ishiga panja ortidan qarashiga zamin hozirlashi, jinoyat va huquqbuzarliklarning o‘rganilmasdan yopib yuborilishi esa aholi o‘rtasida ichki ishlar organlari xodimlariga ishonchsizlik keltirib chiqarishi ta’kidlab o‘tildi.

Viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Shavkat Boyxo‘rozov Samarqand shahrida harakat xavfsizligi borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapira turib, jumladan, shaharda tramvay bekatlari boshqacharoq qilinishi haqida taklif berilganini aytib o‘tdi. Shuningdek, Germaniyadan piyodalar o‘tish joyiga maxsus tugma bilan boshqariluvchi svetoforlar keltirilayotgani, viloyatda yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash borasida kameralar o‘rnatilayotgani, ko‘chma radar qurilmalari o‘rnatilgan avtomobillar xizmat qilayotgani, bunday avtomobillar yana keltirilishini aytib o‘tdi.

Jurnalistlar nega Samarqand shahrining markaziy ko‘chalari asfaltlab bo‘linganidan so‘ng ham 3-4 kunlab ochilmayotgani, ayrim profilaktika inspektorlari o‘zlariga ajratilgan xizmat uylarida nega yashamayotgani, YPX va PPX xizmati xodimlari qanday holatda sirena va chiroqchalardan foydalanishi kerakligi haqida savollar berishdi.

Eng asosiy masala ichki ishlar xodimlarining fuqarolar bilan ishlashda muomala madaniyatini oshirish ekanligi ta’kidlab o‘tildi.

Jurnalistlar anjumanda Ichki ishlar boshqarmasining jamoatchilik kengashi tuzilishi, unga taniqli jurnalistlar va blogerlar ham a’zo qilinishi kerakligi xususida taklif bildirishdi. Boshqarma boshlig‘i ushbu taklifni inobatga oldi va shunday kengash tuzish haqida o‘z xodimlariga ko‘rsatma berdi.

Jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olishda media orqali targ‘ibot muhim o‘rin tutishi rahbarlar tomonidan e’tirof etildi. Shu sababli kelgusida bunday matbuot anjumanlari tez-tez tashkil qilinishiga va’da berildi.

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz muxbiri
Tasvirchilar: Jahongir Aliboyev, Faxriddin Hotamov
Montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.

Top