22:19 / 08.06.2022
44013

«O‘zimni ayblay olmayman». Merkel Putinga nisbatan siyosati va Ukraina NATOga kirishiga qarshi bo‘lgani haqida

Germaniyaning sobiq kansleri Angela Merkel Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan keyingi ilk katta intervyusida o‘z vaqtida Vladimir Putinga nisbatan olib borgan siyosatini oqlashga harakat qildi.

Foto: Filip Singer / EPA / Scanpix / LETA

7 iyun kuni Merkel xonim tomoshabinlar ishtirokida nemis jurnalisti va yozuvchisi Aleksandr Osang bilan o‘tkazilgan intervyuda Rossiyaning Qrimni annexia qilgandagi reaksiyasi uchun ham (o‘shanda u Rossiyaga qarshi sanksiyalarni qo‘llab-quvvatlagandi), Ukrainaning NATOga kirishiga qarshi chiqqani uchun ham (u buni vaqtli deb hisoblagandi) uzr so‘rashiga hojat yo‘qligini aytdi.

Rossiyaning bosqinidan keyin ko‘pchilik, shu jumladan Ukraina rasmiylari ham u kansler bo‘lganida Vladimir Putinni «tinchlantirish» bilan shug‘ullangani va Ukrainaning NATOga kiritilishi haqidagi quruq va’dalar vaziyatni faqat yomonlashtirganini aytgandi.

Ukraina asr boshidayoq «NATOga a’zo bo‘lish bo‘yicha harakatlar rejasi»ga qo‘shilishni so‘ragan, ammo 2008 yilda alyansning Buxarestdagi sammitida Germaniya va Fransiyaning pozitsiyasi tufayli rad javobini olgandi.

Shu pozitsiya tufayli Volodimir Zelenskiy aprel oyida Angela Merkel va Fransiyaning sobiq prezidenti Nikolya Sarkozini noto‘g‘ri hisob-kitob qilishda ayblagan va natijada Rossiyada Ukraina o‘z ta’siri doirasida qolishi borasida ishonch mustahkamlanganini aytgandi.

Seshanba kuni sobiq kansler bir yarim soatlik intervyusida Putin o‘shanda bu borada nimani o‘ylaganini anglagani va uni provokatsiya qilishni istamaganini aytgan.

«Putin bunga yo‘l qo‘ymasligiga ishonchim komil edi. U buni urush e’lon qilish sifatida qabul qilgan bo‘lardi. Men uning G‘arb dushman ekani, uni doim pastga urishlari haqidagi taassurotlariga qo‘shilmayman. Ammo u shunday deb o‘ylashini bilardim va uni provokatsiya qilishni xohlamasdim», – deya tan olgan Merkel.

Merkel bilan suhbat mashhur «Berliner ansambl» teatri sahnasida ko‘p sonli tomoshabinlar shohidligida yozib olindi. Foto: EPA

Angela Merkel o‘sha yillarda Ukraina NATOga qo‘shilishga tayyor bo‘lmagani, chunki bu davlatda o‘shanda barqaror demokratiya bo‘lmagani va oligarxlar tomonidan boshqarilgani haqida gapirdi.

«Shu tufayli biz ayta olmasdik: okey, ertaga NATOga qabul qilamiz. Ukraina biz hozir bilgan mamlakat emasdi. Bu juda parchalangan Ukraina bo‘lgan... hatto ikki islohotchi kuchlar - Timoshenko va Yushchenko o‘rtasida kelishmovchilik bo‘lgan. Bu shuni anglatadiki, mamlakat barqaror demokratiyaga ega emasdi. Mamlakatni NATOga kirgizayotganingda, ular hujum yuz bergan taqdirda o‘z mamlakatini himoya qilishga tayyormi-yo‘qmi – bilishing kerak», – deya izohlagan Merkel. 

Sobiq kansler Ukrainaning alyansga a’zolik uchun yo‘lini ushbu mamlakat manfaatlaridan kelib chiqqan holda to‘sib qo‘yganini aytdi.

«Bir kunda NATO a’zosi bo‘lib qolish mumkin emas. Putin bunga osonlikcha yo‘l qo‘ymasligiga ishonchim komil edi. Uning nuqtayi nazariga ko‘ra, bu urush e’lon qilish hisoblanardi», – degan Merkel.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shu tariqa vaqtdan yutilgan: «Bu vaziyatni yumshatgan va Ukrainada rivojlanish va hozirgi holatga kelish imkoni bo‘lgan».

Merkelning so‘zlariga ko‘ra, lavozimining so‘nggi haftalarida, Rimdagi G20 sammitida ishtirok etish uchun kelganida, bosqin ehtimoli yaqinlashayotganiga jiddiy yondasha boshlagan.

«Ishoralar bor edi va biz bu haqda ko‘p gapirdik. Men Putin Minsk kelishuvlariga amal qilmay qo‘yganini tushungandim», – deya eslaydi u.

Merkel Der Spiegel jurnalisti va yozuvchi Aleksandr Osangning savollariga javob qaytargan. Foto: EPA

Angela Merkel Putin bilan muzokaralarda soddalik qilmaganini, uni Rossiya bilan savdo aloqalari orqali o‘zgartirish mumkin, deb hisoblamaganini ta’kidladi.

«Diplomatiyani muvaffaqiyatli yakunlanmagani uchungina xato deb atash mumkin emas... Harbiy jihatdan tiyib turish – u tushunadigan yagona til», – degan u rossiyalik prezident haqida.

Merkel Rossiyaning tajovuzkor urushini so‘zsiz qoraladi, ammo G‘arb uning oldini olish uchun barcha ishni qilmaganini qo‘shimcha qildi.

«Bo‘lib o‘tgan ishlar – Rossiya tomonidan yo‘l qo‘yilgan katta xato… Yevropada tinch-totuv yashashimizga imkon beruvchi xalqaro huquqning barcha normalarini buzish.

Biz urushning oldini olishi mumkin bo‘lgan xavfsizlik arxitekturasini yarata olmadik. Va biz bu haqda ham o‘ylashimiz kerak. Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun ko‘proq narsa qilish mumkinmidi? Men haligacha o‘zimga shu savollarni beraman. Bu ish bermagani ulkan fojia, ammo men o‘zimni ayblay olmayman. Men urinib ko‘rgandim», – deya qayd etgan Merkel xonim.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top