15:57 / 09.06.2022
10016

Berlinda avtomobil o‘quvchilar ustiga yurib ketdi. Bir kishi halok bo‘lib, 15 kishi yaralangan

Berlinda yengil avtomobil o‘tkinchilar ustiga bostirib borishi oqibatida o‘qituvchi ayol halok bo‘lib, 14 maktab o‘quvchisi tan jarohati olgan. Yana bir o‘qituvchi og‘ir darajada shikastlangan.

Foto: Reuters

Gessen yeridan o‘quvchilar guruhi Germaniya poytaxtiga ekskursiya uchun olib kelingan edi. «Yaralanganlar orasida jarohati og‘irlar ham bor», degan politsiya vakili Tilo Kablits.

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, 29 yoshli haydovchi voqea joyida odamlar tomonidan ushlangan va politsiyaga topshirilgan.

Berlin ichki ishlar vaziri Iris Shpranger haydovchi og‘ir ruhiy tushkunlik holatida bo‘lganini ma’lum qildi.

Germaniya va Armaniston fuqaroligiga ega bo‘lgan haydovchi Berlinda yashab kelgan. Dastlabki xabarlarda u o‘z mashinasida xato yozib qoldirgani aytilgandi, ammo bu xabar rasmiylar tomonidan rad etildi.

«Bu shunchaki dahshat»

Hodisa mahalliy vaqt bilan 8 iyun kuni soat 10:30da odamlar bilan gavjum bo‘lgan Rankeshtrasse va Tauensinshtrasse ko‘chalari kesishmasida sodir bo‘lgan.

Guvohlarning aytishicha, avtomobil yo‘ldan chetga chiqib, trotuar bo‘ylab harakatlangan do‘kon vitrinasiga borib urilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda kosmetik buyumlar sotiladigan do‘kon vitrinasiga urilgan kumush rangli Renault Clio surati tarqaldi.

Berlin o‘t o‘chirish xizmati xabariga ko‘ra, voqea joyiga 130 nafar atrofidagi qutqaruvchilar yetib borgan.

Berlin meri Fransisk Giffi hodisadan chuqur qayg‘uda ekanini aytib, shahar ahlini  politsiya bu hodisa sabablarini aniqlash uchun barcha ishni qilishiga ishontirgan.

Aktyor Jon Berroumen tvitterdagi sahifasida bu hodisa ro‘y bergan mahalda yaqin atrofda bo‘lgani va barchasini ko‘rib turganini aytgan.

«Juda ko‘p politsiyachilar. Ular hududni tozalashmoqda. Hozir vertolyotlar kelmoqda, odamlarni olib ketish uchun», deya yozgan u.

Barroumen keyinroq BBC bilan suhbatda odamlar nonushta qilib o‘tirgan ko‘chadagi kafe stollari ustiga yurib kelgan mashinani ko‘rganini aytgan.

«Bu shunchaki dahshat edi. Men kimnidir joyida reanimatsiya qilishgani, yana kimnidir zambilga ortib, tez yordam mashinasiga solishganini ko‘rib turdim», degan u.

Bu hodisa 2016 yil 19 dekabrida boshpana taqdim etish bo‘yicha so‘rovi rad etilgan tunislik Anis Amri tomonidan sodir etilgan terakt hududi yaqinida ro‘y bergan. O‘shanda Amri yuk mashinasini olib qochgan, haydovchini o‘ldirgan va Rojdestvo yarmarkasiga chiqqan odamlar ustiga bostirib borgandi.

Natijada 11 kishi halok bo‘lib, o‘nlab kishilar yaralangandi. Bu terakt uchun mas’uliyatni IShID o‘z zimmasiga olgan.

Mavzuga oid
Top