18:33 / 09.06.2022
23351

«Har kuni 100 nafargacha jangchimizni yo‘qotyapmiz, 500 kishi yaralanmoqda». Ukraina mudofaa vaziri - Donbassdagi jang haqida

Foto: Rick Mave / SOPA Images / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA

Ukraina mudofaa vaziri Aleksey Reznikov mamlakat qurolli kuchlarining Donbassdagi harbiy harakatlar hududidagi yo‘qotishlari haqida ma’lumot berdi.

«Frontdagi vaziyat juda og‘ir. Biz har kuni 100 nafargacha jangchimizdan ayrilyapmiz, yana 500 nafargacha jangchi yaralanmoqda», — deya yozgan Reznikov feysbukdagi sahifasida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya armiyasi «yoppasiga bosimni davom ettirmoqda, joyida depsinmoqda, kuchli qarshilikka duch kelmoqda, ulkan yo‘qotishlarga uchramoqda, ammo hozircha frontning alohida uchastkalarida ilgarilash uchun yetarli kuchga ega bo‘lib qolmoqda».

Yo‘qotishlar borasida Reznikov tomonidan keltirilgan ma’lumotlar avvalroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy aytganlariga mos keladi, u 1 iyun kuni Donbassdagi janglarda har kuni 60-100 nafar atrofida ukrain harbiylari halok bo‘layotgani, 500 nafarga yaqini yaralanayotganini aytgandi.

Reznikovning postidagi asosiy mavzu Ukrainaga boshqa mamlakatlardan yetkazib berilayotgan qurollar bo‘lgan. Xususan, u polshaliklarning 155 millimetr kalibrli «Krab» o‘ziyurar gaubitsalari janglarda qo‘llash uchun tayyorligini aytgan.

  • Avvalroq G‘arbdagi manbalar Donbassdagi janglarda rossiyalik harbiylar artilleriya bobida katta ustunlikka ega ekanini aytishgandi.
  • Ukraina va Rossiya urush boshidan buyon o‘z yo‘qotishlarini oshkor qilmaslikka harakat qilib kelmoqda, har kuni berib boriladigan axborotlarda faqat raqibining yo‘qotishlari haqidagi baholar beriladi.
Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top