Joriy yilning 7 iyun kuni axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov OneWeb kompaniyasining bozorga kirish bo‘yicha direktori Ivan Zaytsev bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi xabariga ko‘ra, uchrashuvda, shuningdek, AKT vazirligi vakillari hamda «O‘zbekkosmos» agentligi rahbarlari ham ishtirok etdi.
Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda OneWeb kompaniyasi dunyoning ko‘plab mamlakatlarida yirik loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Kompaniya vakili O‘zbekistonda ham shunday loyihalarni amalga oshirishni maqsad qilganini bildirib o‘tdi.
Joriy yilning 16 may kuni «O‘zbekkosmos» agentligi hamda kompaniya o‘rtasida o‘zaro anglashuv va hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolangan. Memorandum asosiy maqsadi – O‘zbekiston bozoriga OneWeb sun’iy yo‘ldoshli aloqa kompaniyasini jalb qilish, kompaniya geostatsionar bo‘lmagan sun’iy yo‘ldoshli aloqa tizimi xizmatlari bilan bog‘liq bir qator tadbirlar, tartibga solish masalalarini muhokama qilish va OneWeb sun’iy yo‘ldoshlaridan foydalanish uchun davlat asosiy ehtiyojlarini aniqlashdan iborat.
7 iyun kungi uchrashuvda kompaniya tomonidan hududlar va olis qishloq aholi punktlarini, iqtisodiyot turli tarmoqlaridagi korxonalarni OneWeb aloqa sun’iy yo‘ldoshlari orqali yuqori tezlikdagi keng polosali internet bilan ta’minlashni amalga oshirish bo‘yicha o‘z takliflar bildirib o‘tildi.