18:22 / 09.06.2022
87567

Samarqanddagi antiqa bino: uni qurgan egasi nima deydi?

Samarqand tumanining Jo‘ysoy mahallasida barpo etilgan 12 qavatli mehmonxona binosi ijtimoiy tarmoqlarda katta munozara keltirib chiqardi. Kun.uz ushbu binoni qurgan egasi bilan suhbatlashdi.

Internetdagi ayrim fikrlarga ko‘ra bino beo‘xshov chiqqani kulgi va tanqid ostiga olingan bo‘lsa, ayrimlar bino chiroyli ekani borasida tortishib, u aslo buzilmasligi kerakligi haqida fikr bildirishdi.

Shaharsozlik va urbanistika bo‘yicha mashhur rus blogeri Ilya Varlamov ham hattoki bu bino borasida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Bunday shedevrni buzib tashlashni xato deb bilaman. Uni didsizlik va boshboshdoqlik davriga qo‘yilgan haykal sifatida saqlab qolish kerak», degan Varlamov.

Qurilish vazirligi ushbu bino qurilishi bo‘yicha o‘z munosabatini bildirib, «O‘zog‘irsanoatloyiha» AJ va qurilish nazorati hududiy inspeksiyasi xodimlari tomonidan 2022 yil 6 may kuni binoning seysmik holati o‘rganib chiqilib, binoning QMQ, ShNK talablariga javob bermasligi va kolonnalarning ayrim joylari darz ketganligi o‘z tasdig‘ini topgan hamda binoni buzish bo‘yicha xulosa berilganini e’lon qilgan.

Avvalroq Kun.uz muxbiri ushbu binoni o‘z xonadoniga tegishli yer maydonida barpo etgan tadbirkor Furqat Xalilov bilan uchrashib, dastlabki ma’lumotlarni olgan edi. Suhbat asnosida F.Xalilov bino qurilishi uchun 3 million dollar pul sarflagani, uning loyihasini yaponiyalik arxitektorlarga chizdirganini bayon etgan.

Biz Internetdan Yaponiyada darhaqiqat shu stilda qurilgan bir emas ikkita bino borligini topdik. Ulardan biri Tokiodagi Disneylendda joylashgan «Tower of terror» (Terror minorasi) bo‘lsa, ikkinchisi Shime shahrida joylashgan tashlandiq, bir paytlar ko‘mir shaxtasining minorasi bo‘lib xizmat qilgan, bugungi kunda «Anti-Zombie Fortress» (Zombilarga qarshi qal’a) deb atalayotgan binodir.

Tokiodagi Disneylendidagi «Tower of terror». Foto: mavink.com
 Shime shahrida joylashgan tashlandiq Anti-Zombie Fortress

Jahonda bunday noadatiy mehmonxonalar juda ko‘p. Samarqanddagi binoga o‘xshab beo‘xshov qurilgan ko‘p qavatlisi Niderlandiyada joylashgan ekan. Tashqi tomonidan 70 ta alohida uylar fasadiga ega Inntel Zaandam mehmonxonasi Niderlandiya poytaxti ostonasidagi Zandam shaharchasi ramziga aylangan. Uylar bir-birining ustiga mindirib yasalgan 11 qavatli hotelni ko‘pchilik me’morchilik dahshati deb hisoblaydi.

Asmterdamdagi Inntel Zaandam mehmonxonasi.
Foto: warosu.org

Ushbu hotelni loyihalashda arxitektor Vilfred van Vinden Klod Monening «Zangori uy» kartinasidan ilhomlangan. U bir vaqtning o‘zida eskicha va futuristik bino qurishni istagan. Natijada, mahalliy uylarni takrorlovchi qariyb 70 ta alohida fasaddan iborat qo‘pol bino chiqqan. Inntel hozir turistik nuqtaga aylangan.

Klod Monening «Zangori uy» kartinasi

Ajab emas, Samarqanddagi bu mehmonxona ham buzilmasdan qolsa, o‘z faoliyatini boshlab, shahardagi turistik nuqtalardan biriga aylansa.

Ma’lum bo‘lishicha, bino qurilishi 2012 yilda boshlangan. 2015 yilga kelib beton ishlari to‘liq tugatilgan. 2015-2017 yillarda bezak ishlari amalga oshirilgan. Bino to‘liq qora suvoqdan chiqarilgan. Ayni paytda uning tashqi bezak ishlari tugagan, ayrim qavatlarda ichki bezak ishlari ham tugallangan. Binoning tomi mansarda usulida yopilgan va uch qavatdan iborat bo‘ladi. Mansarda qismida restoran va kafelar joylashishi nazarda tutilgan. U yerga binoning yon tomonidan alohida lift to‘g‘ri 10-qavatga chiqarib qo‘yadi.

Binoning umumiy ko‘rinishi

Bizni Furqat Xalilov kutib oldi va qurgan binosining yerto‘lasiga boshladi. Ikki qavatli Yerto‘la konditsionerlar bilan sovitilar ekan. Binoning bu qismidan F.Xalilov 2016 yildan buyon ho‘l meva sabzavotlar saqlash uchun foydalanib kelar ekan.

Binoning egasi Furqat Xalilov

Binoning 1-2-3-qavatlari suvenir do‘konlari bo‘ladi. 4-qavatdan 9-qavatgacha mehmonxona bo‘ladi. Sanuzeli juda keng bir va ikki kishilik xonalar, yuqoriroq qavatlarda lyuks xonalar va oilalarga mo‘ljallangan apartamentlar bo‘ladi. Mehmonxonada mo‘’jaz kinozal, pul almashtirish shoxobchasi, go‘zallik saloni ham nazarda tutilgan.

Furqat Xalilov binoni yaponiyalik arxitektorlarga chizdirgan loyihasi asosida qurdirgan. Bino qurilgan 25 sotix joy F.Xalilovning ota-onasidan meros huquqi bilan unga o‘tgan. Uning ota-bobolari qadimdan shu yerda istiqomat qilib kelishadi.

Binoni qurish uchun hokimning qarori yoki boshqa tegishli davlat organlarining ruxsatlari olinmagan. Shunchaki, uy atrofida istiqomat qiluvchi 5 ta qo‘shnining rozilik xati olingan.

Bugungi kunga kelib, Furqat Xalilov binoni qonuniy rasmiylashtirib ololmasdan sarson bo‘lmoqda. U Qurilish vazirligiga murojaat qilgan. Vazirlik zarur o‘lchov ishlaridan so‘ng binoni tegishli tarzda foydalanishga qabul qilish mumkinligi to‘g‘risida javob xati ham jo‘natgan.

Tuman hamda viloyat qurilish va arxitektura sohasiga mas’ul rasmiylar undan pora ham so‘rashgan. Poraning miqdori 50 ming AQSh dollari deb belgilangan. «Mendan pul so‘raganlarning ikkitasi qamoqda hozir», dedi F.Xalilov.

«Agar mening qurgan binom noqonuniy qurilgan deb topilsa, uni buzishga ko‘naman. Lekin men birovga yoki davlatga tegishli bo‘lgan, noqonuniy egallangan yer uchastkasida emas, o‘zimga tegishli xonadonning yer uchastkasida qurdim. Uning ostidagi uyda hozir ham bola-chaqam bilan qo‘rqmasdan yashayapman. Chunki bino mustahkam qurilganiga 100 foiz ishonchim komil. Buni turli ekspertlik tashkilotlari asbob-uskunalar bilan o‘lchab ham tasdiqlashgan», — dedi F.Xalilov.

Uy egasi shu paytgacha murojaat qilgan xatlari, murojaatlariga javob xatlarini ko‘rsatdi. Samarqand tuman hokimligi binoni noqonuniy deb topish va uni buzdirish uchun sudga murojaat qilib, muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Ayni paytda tuman hokimligining da’vo arizasi qanoatlantirilmasligi to‘g‘risida sudning yakuniy ajrimi bor.

Bino Internetda mashhur bo‘lgach, Kanadaning Qozog‘istondagi elchisi Alan Hamson ham Samarqandga kelib ko‘rib, u bilan tanishib ketgan.

Yuqorida qayd etilganidek, «SVP MASKAN» MChJ 2016 yildan 2022 yilgacha 4 marta binoni to‘liq asbob-uskunalar bilan tadqiq etgan. Dastlabki tadqiqotdan so‘ng binoning yonidan chiqib turgan konsol qismini tirgak ustunlar bilan kuchaytirish borasida tavsiyalar berilgan va ular amalga oshirilgan.

«SVP MASKAN» MChJning 2021 yilgi xulosasida o‘tgan 5 yil ichida binoda hech qanday nuqson kuzatilmagani qayd etib o‘tilgan. F.Xalilovning aytishicha, 2017 yilda Urgutda kuchli yer qimirlaganda ham binoga hech qanday ziyon yetmagan. MChJning yakuniy xulosasida binoning mustahkamligi ta’minlangani va uni ekspluatatsiyaga topshirish mumkinligi qayd etilgan.

«O‘zog‘irsanoatloyiha» AJning e’lon qilingan xulosasidan so‘ng F.Xalilov «SVP MASKAN» MChJga xat bilan murojaat qiladi. MChJ javob xatida o‘z fikrlarini bildirib o‘tgan.

Jumladan, «O‘zog‘irsanoatloyiha» AJ instituti xodimlari binoning, bino konstruksiyalari va boshqa o‘lchamlarini o‘lchab ko‘rishmagan. Mehmonxona binosi to‘liq karkasli bo‘lsa-da, AJ tadqiqotchilari «har xil konstruktiv sxema» deb ko‘rsatishgan. Bino 2016 yilda qurib bitkazilgan bo‘lsa-da, uning texnik holati 2019 yilda qabul qilingan me’yoriy hujjat asosida, ko‘z bilan chamalab baholangan.

Binoning mustahkamligi, zilzilabardoshligi va ekspluatatsiya qilinishi yoki qilinmasligi haqida xulosa bino to‘liq asbob-uskunalar bilan tadqiq qilinib, tadqiqot natijalari (beton mustahkamligi, armaturaning mustahkamligi va konstruksiyalarning o‘lchamlari) kompyuterda fazoviy hisoblash asosida qilinishi mumkin. «SVP MASKAN» MChJ mutaxassislari tomonidan berilgan xulosada yuqorida keltirilgan barcha masalalar yechilgan. Bundan tashqari binoning gorizontal yuklar (seysmika, shamol bosim) ta’siriga ustuvorligi ham tekshirilgan.

Bajarilgan tadqiqot va hisoblar natijasida «SVP MASKAN» MChJ mutaxassislari tomonidan binoning ekspluatatsiya qilishga yaroqliligi to‘g‘risida xulosa berilgan.

Furqat Xalilovning hikoya qilib berishicha, uning ota-bobolari yashab kelgan uy 2008 yilda yonib ketadi. Shu paytlari tadbirkorlik bilan shug‘ullanib yurgan va oltinchi marta kasod bo‘lgan yigit, agar Alloh yana menga katta boylik bersa, albatta odamlarga va oilamga foydasi tegadigan uy quraman, deb niyat qiladi. Ko‘rib turibmizki, unga yana Xudo bergan va u bugungi kunda u o‘z niyatiga yetgan. Agar qurilish ishlariga ruxsat beriladigan bo‘lsa, F.Xalilov uni yangi yilgacha foydalanishga topshirishini aytdi.

Darhaqiqat, qad rostlagan binoni buzishdan osoni yo‘q. Uni bino qilish igna bilan quduq qazishdek mushkul ish. Agar aniq asbob-uskunalarda o‘lchov ishlari olib borilishi natijasida bino chindan ham xavfli va mustahkam emas, deb topiladigan bo‘lsagina u buzilishi kerak. Aks holda, olti yildan buyon qimirlamasdan, cho‘kmasdan, yorilmasdan turgan bino hujjatlashtirib berilishi lozim. Ichkarisini ko‘rib, aylanib chiqdik, bir qarashda o‘ta funksional va qulay qilingan.

Qurilish vazirligi, viloyat hokimligi yoki boshqa tegishli idoralar bu ishga panja ortidan qaramasdan, maxsus ishchi guruh tashkil qilib, tekshirish ishlariga jiddiy kirishib, masalani bir yoqli qilishlari kerak bo‘ladi.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist
Tasvirchilar: Jahongir Aliboyev, Faxriddin Hotamov
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid
Top