10:53 / 10.06.2022
13588

Jizzaxda qoidalarni buzib harakatlangan Lacetti urib yuborgan Damas yonib ketdi

Hodisa oqibatida Damas salonida bo‘lgan yo‘lovchi og‘ir tan jarohatlari olib, shifoxonaga yotqizilgan.

Foto: Videodan kadr

Jizzax viloyati IIB YHXB axborot xizmatining xabar berishicha, 2022 yil 7 iyun kuni soat 16:40 larda xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan A-376Z Jizzax-Qo‘qon avtomobil yo‘lining Zarbdor tumanidan o‘tgan 282-kilometrida Lacetti va Damas ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Zomin tumani “Gulshan” MFYda yashovchi haydovchi Lacetti mashinasi bilan Jizzax-Zarbdor yo‘nalishida ketayotib quvib o‘tish qoidalarini buzib harakatlanadi.

Oqibatda, Lacetti Zarbdor-Jizzax yo‘nalishida ro‘paradan kelayotgan Sharof Rashidov tumani Yakkaqayrag‘och mahallasida yashovchi haydovchi boshqaruvida bo‘lgan Damas bilan to‘qnashib, uni ag‘darib yuboradi.

Foto: Videodan kadr
Foto: Videodan kadr

Shundan so‘ng Damas’da yong‘in kelib chiqadi va u qisqa muddatda to‘liq yonib ketadi. Mazkur hodisada Damas salonida bo‘lgan yo‘lovchi og‘ir tan jarohatlari olib shifoxonaga yotqiziladi.

Qayd etilishicha, hozirda hodisa yuzasidan Zarbdor tumani IIB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Jizzaxda boshqaruvni yo‘qotib YTHga uchragan Cobalt yonib ketgandi.

Top