17:20 / 11.06.2022
8536

Deputat Konstitutsiyaga internetdan erkin va cheklovlarsiz foydalanish huquqini kiritishni taklif qildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Sardorbek G‘iyosov O‘zbekiston Konstitutsiyasining 29-moddasiga “har kim internetdan erkin, cheklovlarsiz foydalanish huquqiga ega” degan qo‘shimcha kiritishni taklif qildi.

Foto: O‘ZLIDeP

O‘zLiDeP a’zosi bu taklifini insonlar hayotini internetsiz tasavvur qilish qiyin bo‘lib qolgani, u odamlarga son-sanoqsiz qulayliklar yaratayotgani bilan izohlagan.

“Asosiy qonunimiz 1992 yilda qabul qilingan. O‘sha paytlarda umumjahon axborot tarmog‘i – internet mamlakatimizda rivojlanmagandi. Bugungi kunda esa internet axborot olish va tarqatishning eng asosiy vositalaridan biriga aylandi. Hozir O‘zbekistonda internetdan faol foydalanuvchilar soni 23 milliondan oshdi.

Mubolag‘asiz aytish kerakki, dunyoda katta ahamiyatga ega bo‘lmish bu tarmoqning inson omilida tutgan o‘rni, ahamiyati tobora oshib boryapti. Hozir hayotimizni internetsiz tasavvur qilish mumkinmi? Albatta, yo‘q. U odamlarga son-sanoqsiz qulayliklar yaratyapti, ko‘plarning daromad manbayi to‘la-to‘kis shu soha bilan bog‘liq. Aytish mumkinki, internetdan uzilib qolgan odam kishilik jamiyatining to‘laqonli a’zosi hisoblanmayapti.

E’tiborlisi, tegishli xalqaro tashkilotlar turli mamlakatlarda internet tezligi qanchalik ommalashganligi, internet erkinligi kabi reytinglarni ham olib borishyapti, ya’ni bu omillar mamlakat nufuzini ham belgilayapti”, – deydi deputat.

Ma’lumot uchun, Konstitutsiyaning 29-moddasida jumladan shunday deyiladi:

“Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir.

Fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi faqat davlat siri va boshqa sirlarga taalluqli bo‘lgan taqdirdagina qonun bilan cheklanishi mumkin”.

Eslatib o‘tamiz, 10 iyun kuni Konstitutsiyaviy komissiya Konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha dastlabki takliflar paketini qabul qildi.

Top