14:32 / 11.06.2022
1550

Samarqandda fuqaroni o‘qishga kiritib qo‘yishini aytib pul olgan SamDU o‘qituvchisi ushlandi

SamDU o‘qituvchisi fuqarolardan birining farzandini o‘qishga kiritib qo‘yishini aytib, 4 ming dollar pul talab qilgan.

Foto: Videodan kadr

Samarqand viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, 2022 yil 9 iyun kuni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga fuqarolardan biri ariza bilan murojaat qilib, farzandini pul evaziga o‘qishga kiritishini aytgan o‘qituvchiga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Uning murojaatiga ko‘ra, fuqaro farzandini oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirishi uchun hujjat topshirish tartibi bilan tanishib yurgan vaqtida Samarqand davlat universiteti o‘qituvchisi J.Sh. bilan tanishib qolgan.

Shundan so‘ng, J.Sh. fuqaroning ishonchiga kirib, 4 ming dollar evaziga uning farzandini SamDUning iqtisodiyot fakultetiga o‘qishga joylashtirib qo‘yishini aytib, oldindan 2,500 dollar talab qilgan.

Mazkur arizaga asosan, 9 iyun viloyat IIB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi va DXX viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilib, J.Sh. ariza muallifidan talab qilgan 4 ming dollardan 2,5 ming dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Qayd etilishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top