09:55 / 15.06.2022
10479

Toshkentda yo‘lovchi avtobusi yo‘l chetidagi simyog‘och bilan to‘qnashdi

Toshkent shahrida «Isuzu» rusumli yo‘lovchi avtobusi ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda «Toshshahartransxizmat» xabar qilmoqda.

Foto: Toshshahartransxizmat

Qayd etilishicha, 15 iyun kuni soat 07:55 larda «7-Avtobus saroyi» filiali haydovchisi M.A (1991 yilda tug‘ilgan, staji 2016 yildan buyon) «Isuzu» rusumli avtobusni 56-yo‘nalishda Bunyodkor shohko‘chasi bo‘ylab yo‘lovchilarsiz boshqarib borayotgan bo‘lgan.

U «Xalqlar do‘stligi» saroyi qarshisida piyodalar o‘tish joyiga yaqinlashayotganida, o‘ng tomonidan yengil avtomobil keskin siqib o‘tishi natijasida, o‘zidan oldinda to‘xtab turgan avtomobil bilan to‘qnashuv sodir etmaslik uchun avtobusni chap tomonga burgan va yo‘l chetidagi temir simyog‘ochga borib urilgan. Hodisa natijasida jarohat olganlar yo‘q.

Mazkur yo‘l-transport hodisasi Toshkent shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan hamda «Toshshahartransxizmat»ning yo‘lovchi transportida harakat xavfsizligini nazorat etish bo‘limi tomonidan xizmat surishtiruvi o‘tkazilmoqda.

Top