07:41 / 16.06.2022
5281

Toshkentda elektr tarmoqlari korxonasining soxta xodimlari ushlandi

Toshkent shahrining Yunusobod tumanida elektr tarmoqlari korxonasi soxta xodimlari ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departament tomonidan IIV xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Unda, o‘zlarini Yunusobod tumani ETK xodimlari deb tanishtirgan M.Yu. va D.K. Yunusobod tumani 4-mavze 54-uydagi xonadon elektr hisoblagichi (tamg‘alari buzilmagan) go‘yoki noto‘g‘ri ulanganini ro‘kach qilishib va shu bo‘yicha tarmoqdan uzish haqida tuzilgan dalolatnomani ro‘yxatdan o‘tkazmaslik evaziga xonadon egasi A.dan 200 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Yunusobod tumani ETK ASKUE xodimi X.M. fuqaro M.Yu.ga 22-sonli soxta guvohnomani yasab bergani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksi 168-moddasi (firibgarlik) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Top