07:54 / 17.06.2022
8399

Referendum o‘tkazuvchi komissiyalar a’zolariga ayrim xarajatlar uchun kompensatsiya to‘lanishi belgilandi

Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritildi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar bermoqda.

Foto: Kun.uz

“O‘zbekiston referendumi to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan ham kuzatuvchilar qatnashish huquqiga egaligi belgilandi

Manfaatdor tashkilotlar, fuqarolar tashabbuskor guruhlari o‘z kuzatuvchilari to‘g‘risida okrug komissiyalariga referendum o‘tkazilishiga kechi bilan 10 kun qolganida ma’lum qiladi (ilgari 15 kun edi).

Kuzatuvchilar harbiy qismlarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan referendum uchastkalariga borishi haqida referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasini kamida 3 kun oldin xabardor qilishi kerak.

Siyosiy partiyalar a’zolari, viloyat, tuman va shahar hokimlari, prokuratura organlari, sudlar mansabdor shaxslari, fuqarolar tashabbuskor guruhi tarkibiga kiruvchi shaxslar referendum o‘tkazuvchi okrug va uchastka komissiyasi a’zosi bo‘lishi mumkin emas.

Referendum o‘tkazuvchi komissiyalar a’zolariga referendumga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir xarajatlar smetasida ko‘rsatilgan miqdorda transport, ovqatlanish xarajatlari va boshqa xarajatlar o‘rnini qoplash maqsadida kompensatsiya to‘lanadi.

Referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasi xatti-harakati va qarori ustidan qonunda belgilangan tartibda sudga shikoyat qilinishi mumkinligi belgilandi.

“Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputati maqomi to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, saylov okrugi hududi boshqa ma’muriy-hududiy birlik tarkibiga o‘tkazilganda yoki uning hududida yangi ma’muriy-hududiy birlik tashkil etilgan taqdirda, ushbu saylov okrugidan saylangan deputat vakolatlari saqlab qolinadi.

Saylov kodeksiga “Yangi tashkil etilgan ma’muriy-hududiy birliklarda mahalliy kengashlar deputatlari saylovi” hamda “O‘zbekiston ma’muriy-hududiy tuzilishi to‘g‘risida”gi qonunga “Ma’muriy-hududiy tuzilish masalalari hal etilayotganda saylov okruglari chegaralarini o‘zgartirish” moddalari kiritildi.

Top