17:56 / 20.06.2022
8741

Shahrisabzda tog‘-archa qo‘riqxonasining tashrif markazi ochildi

BMT TD ko‘magida ochilgan markaz Hisor davlat qo‘riqxonasidagi yovvoyi hayvonlar va ular duch kelayotgan tahdidlar haqida ma’lumot beradi. Tadbir doirasida BMT TD o‘zbek ekologlariga Ford Transit dronini ham taqdim etdi.

 Foto: BMT TDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi

19 iyun kuni Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida, BMT Taraqqiyot dasturi Yevropa va MDH bo‘yicha Mintaqaviy byurosi direktorining o‘rinbosari Marina Uolter xonim ishtirokida Hisor davlat tog‘-archa qo‘riqxonasining interaktiv tashrif markazi ochilishi o‘tkazildi.

O‘zbekistonga birinchi bor rasmiy tashrif bilan kelgan Marina Uolter ochilish marosimidagi o‘zining tabrik so‘zida shunday dedi:

“Bilim va axborot almashinuvi bo‘yicha yangi platformalar, innovatsion eksponatlar, nashrlar va mahalliy hamjamiyatlar, ayniqsa bolalar bilan bahs-munozaralar orqali, tashrif markazi kislorod, toza suv va havoning muhim manbasi bo‘lmish Hisor mintaqasi ekotizimlarining ahamiyatini, shuningdek changlatish jarayonlari, hasharotlar populyatsiyasini nazorat qilish, oqova suvlarni qayta ishlash va boshqa muhim tabiiy jarayonlarning muhimligini yanada to‘liqroq tushunishni shakllantira oladi, deb umid qilaman”.

Foto: BMT TDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi
Foto: BMT TDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi

Yangi tashrif markazi BMT TD va Ekoqo‘mning umumiy maqsadi – bioxilma-xillik va tabiiy resurslarni asrash va ularga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishning muhimligi borasidagi ekologik xabardorlikni oshirishga xizmat qiladi.

Tashrif markazining bosh ko‘rgazma maydonchasida qo‘riqxonaning asosiy yovvoyi hayvonlari va faoliyat yo‘nalishlari, yovvoyi tabiat duch kelayotgan tahdidlar haqida so‘zlovchi stendlar qo‘yilgan; inspektorlar faoliyati, jumladan ilmiy xodimlar o‘tkazadigan muhim joriy tadqiqot ishlari va boshqa ko‘plab ma’lumotlar taqdim etilgan.

Foto: BMT TDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi

Tadbirning ikkinchi qismi tabiiy resurslarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish hamda bioxilma-xillikni asrashdagi zamonaviy yondashuvlar, jumladan IT-texnologiyalardan foydalanish mavzusiga bag‘ishlandi.

Zamonaviy dunyoda qo‘llaniladigan samarali uslublardan biri uchuvchisiz parvoz apparatlaridan foydalanish sanaladi, ular turli xildagi, jumladan topografik va aerofotos’yomka o‘tkazish orqali ma’lumotlar to‘plash va tahlil qilish imkonini beradi. Bu olingan ma’lumotlarning aniqligini oshiradi, ularni muayyan joyga bog‘laydi, kelgusi monitoring uchun ma’lumotlar dolzarb bazasini yaratish imkonini beradi.

Foto: BMT TDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi
Foto: BMT TDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi

Mana shunday uchuvchisiz parvoz apparatlaridan biri – Ford Transit BMT TD tomonidan Davekoqo‘m tasarrufiga topshirildi. Ford Transit – bu butun boshli majmua bo‘lib, unga quyidagilar kiradi:

  • keng imkoniyatlarga ega uchuvchisiz parvoz apparati, u o‘simliklarni o‘rganish, hayvonlar hisobini yuritish, qonunbuzarliklarni qayd etish imkonini beradi;
  • ma’lumotlarni to‘plash va tahlil qilish uchun barcha zarur jihozlar bilan ta’minlangan va Davekoqo‘m xodimlari brigadasini respublikaning istalgan nuqtasiga borishdagi mobilligini oshiruvchi avtomobil.

Bajarilgan ishlar natijasida, tashrif markazi, o‘zining zamonaviy yechimlari va tadbirlar o‘tkazish uchun alohida zali bilan, gavjum maskanga aylanadi, natijada mahalliy o‘quv muassasalari o‘quvchilari, turli yoshdagi mehmonlarning bu yerda ko‘proq vaqt o‘tkazishga qiziqishlari ortadi.

Bu esa, alohida qo‘riqlanadigan tabiat hududlariga nisbatan muhabbatni va minnatdorlikni singdirish hamda tarbiyalash maqsadlariga ijobiy xizmat qiladi.

Foto: BMT TDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi

Ma’lumot uchun, BMT Taraqqiyot dasturi, Global ekologik fond va Davlat ekologiya qo‘mitasi hamkorlikda “Global ahamiyatga ega bioxilma-xillik uchun muhim asosiy tog‘li hududlarda tabiiy resurslardan barqaror foydalanish va o‘rmonlarni boshqarish” qo‘shma loyihasini amalga oshirmoqda.

Hamkorlikdagi ishlarning asosiy qismi muhofazalanuvchi tabiat hududlari yaqinida yashovchi aholining ekologik ma’rifatini oshirishga qaratilgan.

Mavzuga oid
Top