10:45 / 20.06.2022
12063

Shavkat Mirziyoyev konstitutsiyaviy islohotlar o‘tkazish zarurati nima bilan bog‘liq ekanini tushuntirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvi o‘tkazilmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev konstitutsiyaviy islohotlar o‘tkazish zarurati nima bilan bog‘liq ekanini tushuntirib o‘tdi.

“Nima uchun aynan bugun konstitutsiyaviy islohotlar o‘tkazish zarurati tug‘ilmoqda? Ayrim yurtdoshlarimiz, hatto ba’zi olimlarimiz ham Konstitutsiyamiz zamonaviy demokratik talablarga javob beradi-ku, unga o‘zgartirish kiritishga ehtiyoj bormi, degan savolni o‘rtaga qo‘ymoqda. 

To‘g‘ri, Konstitutsiyamiz xorijiy ilg‘or tajriba hamda xalqaro standart va talablarga har tomonlama mos keladi. Bunga hech qanday shubha yo‘q. Men amaldagi Asosiy qonunimizni qabul qilishda ishtirok etgan komissiya a’zosi sifatida oldin ham aytganman: O‘zbekiston Konstitutsiyasi mustaqillik yillarida erishgan barcha yutuqlarimizning mustahkam huquqiy poydevori bo‘lib kelmoqda. 

Buni hammamiz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz. Shu bilan birga, bugun shiddatli taraqqiyotning o‘zi oldimizga qo‘yayotgan muhim bir talabni chuqur tushunib olishimiz zarur. Hozirgi tahlikali zamon, yon-atrofimizdagi murakkab vaziyat ona Vatanimiz taqdiriga yanada ulkan mas’uliyat bilan yondashib, kechiktirib bo‘lmaydigan strategik qarorlar qabul qilishni taqozo etmoqda", dedi davlat rahbari. 

Shuningdek, prezident so‘zlariga ko‘ra, bugungi kun holatiga Komissiyaga fuqarolardan 48 ming 492 ta taklif kelib tushgan.

Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan tayyorlangan takliflar chuqur muhokamadan o‘tkazilgan va hozirda Qonunchilik palatasiga kiritish bosqichida. Endi qonun, reglament asosida muhokamalardan o‘tkaziladi.

Mavzuga oid
Top