09:45 / 21.06.2022
64313

Andijonda ikki nafar yosh bolani qasddan o‘ldirgan ayol kishi ushlandi

Andijonda 2 nafar voyaga yetmagan bola qotillik alomatlari bilan topilgani haqida xabar berilgandi.

Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, jinoyatni fosh qilishga qaratilgan tezkor-tergov tadbirlar natijasida mazkur jinoyat 1995 yilda tug‘ilgan, Izboskan tumanida yashovchi ayol tomonidan sodir etilgani aniqlandi.

Aniqlanishicha, ushbu ayolning nomida bo‘lgan uyda 2022 yil aprel oyidan buyon qarindoshi (xolavachchasi), 2 nafar voyaga yetmagan farzandi (o‘g‘li 10 yosh, qizi 7 yosh) va buvisi bilan yashab kelishgan.

Ayol ko‘rsatuvida, xolavachchasi sabab oilasi buzilib ketgani uchun yuklarini o‘z uyiga olib kelmoqchi bo‘lganida, xolavachchasi bunga qarshilik qilgani, unga uyni bo‘shatib qo‘yish haqida qo‘ygan talabini ham rad qilib kelayotganini bildirgan.

Shunda ayol xolavachchasidan qasd olish maqsadida uning uyda yo‘qligidan foydalanib hamda buvisi ko‘z ko‘rish va qulog‘i eshitish qobiliyati pastligini bilgan holda 16 iyun kuni uyga kelib, xolavachchasining 2 nafar farzandini qasddan o‘ldirib, jasadlarini uyni ayvon qismidagi polni tagidagi yerto‘laga yashirgan.

Hozirda gumonlanuvchi ayol protsessual tartibda ushlangan, deyiladi rasmiy xabarda.

Bundan oldin Andijondagi uyda ikki bolaning jasadi topilgani, qotillikda ayol kishi gumonlanayotgani xabar qilingandi

Top