16:20 / 21.06.2022
3403

AQSh davlat tashkilotlari vakillari birjaga tashrif buyurishdi

Foto: “O‘zRTXB” AJ matbuot xizmati

Joriy yil 20 iyun kuni AQSh Savdo vazirligining Tijorat huquqini rivojlantirish dasturi (CLDP) maslahatchisi Maykl Kofild va Tovar birjalari bo‘yicha komissiyasi (CFTC) direktorining o‘rinbosari Kevin Pikkoli O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasiga tashrif uyushtirdilar.

Mazkur uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad zamonaviy birja savdolari mexanizmlari va vositalarini joriy etish masalalari bo‘yicha maslahatlashuvlarni o‘tkazishdan iborat bo‘ldi.

Tadbir avvalida mehmonlarga O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi faoliyati to‘g‘risidagi prezentatsion videorolik namoyish etildi. Xususan, ular mahalliy birjani tashkil topish va rivojlanish tarixi, unda sotiladigan tovar aktivlari, savdolar va hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibi hamda birjaning joriy holati va istiqbolli rejalari to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘ldilar.

Muzokaralar davomida AQSh birja bozorlarining huquqiy bazasi, tovar segmentida birja savdolarini tashkillashtirish va o‘tkazishni davlat hamda birjalar tomonidan nazorat qilish amaliyoti o‘rganildi.

Shuningdek, AQSh birjalarida zamonaviy IT texnologiyalarning qo‘llanilishi va yangi tendensiyalar, risk-menejment usullari, birja omborxonalarining faoliyati masalalari batafsil muhokama qilindi.

Uchrashuv yakuniga ko‘ra, zamonaviy birja savdo vositalarini joriy etish bo‘yicha maslahatlashuvlarni davom ettirish, hamkorlik aloqalarini yanada faollashtirish hamda O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasining yangi strategik rejalarini ishlab chiqish va tatbiq etishda AQSh vakillari tomonidan har tomonlama ko‘maklashishga kelishib olindi. 

“O‘zRTXB” AJ matbuot xizmati Ⓣ

Top