07:18 / 21.06.2022
2857

Braziliyaning O‘zbekistondagi yangi elchisi tayinlandi

2022 yil 20 iyun kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Braziliyaning mamlakatdagi favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan (qarorgohi Moskva shahrida) Rodrigo De Lima Baen Soaresni qabul qildi.

Foto: TIV axborot xizmati

Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, Rodrigo De Lima Baen Soares Braziliya hukumati O‘zbekistonni mintaqadagi muhim davlat sifatida qarab, respublika bilan aloqalarni har tomonlama rivojlantirishga tayyor ekani ta’kidlandi.

Siyosiy muloqotni jadallashtirish, jumladan, vazirliklararo maslahatlashuvlarni o‘tkazish, ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, BMT, Amerika davlatlari tashkiloti doirasida va «BRIKS+» formatida o‘zaro muvofiqlashtiruvni kuchaytirish, hamkorlik shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish muhimligi qayd etildi.

Iqtisodiy diplomatiyani faollashtirish maqsadida tomonlar Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya tuzish, o‘zaro asnoda savdo uylarini ochish, Braziliya ishbilarmon doiralari vakillarining O‘zbekistonga safarini tashkil etish masalalarini o‘rganib chiqishga kelishib oldi. Braziliya bozoriga O‘zbekistondan tovarlarni, jumladan, kimyoviy o‘g‘itlar, to‘qimachilik, agrar va boshqa turdagi mahsulotlarini yetkazib berishni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratildi.

Madaniy-gumanitar yo‘nalishda O‘zbekiston va Braziliya madaniyati kunlarini o‘tkazish, ikki mamlakat shaharlari o‘rtasida birodarlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, turli tarmoqlarda mutaxassislar tayyorlash yuzasidan ta’lim va ilmiy muassasalar o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Elchi braziliyalik kinokompaniyalar va san’at arboblarining navbatdagi «Ipak yo‘li durdonasi» Toshkent xalqaro kinofestivalida ishtirok etishga qiziqish bildirayotganini ma’lum qildi.

Top