18:44 / 23.06.2022
36673

Donbassdagi vaziyat: Rossiya qo‘shini og‘ir janglar bilan Lisichanskka yaqinlashmoqda

Lugansk oblasti rahbari «vaziyat haddan tashqari og‘irligi»ni aytgan. Ammo ukrain armiyasi hozircha qurshovdan qutulib qolmoqda.

Lisichanskdagi yonayotgan uy. Foto: Aris Messins / AFP / Scanpix / LETA

23 iyun kuni Britaniya razvedkasi 19 iyun kunidan buyon rossiyalik harbiylar Lugansk oblastidagi Ukraina nazoratida qolayotgan so‘nggi yirik shahar bo‘lmish Lisichansk tomon besh kilometrdan ortiq masofaga ilgarilagani haqida xabar berdi.

«Ayrim ukrain bo‘linmalari chekingan, katta ehtimol bilan ular qurshovdan qutulib qolishgan. Bu sektorda Rossiyaning pozitsiyasi yaxshilanishi, katta ehtimol bilan yaqinda kelib qo‘shilgan qo‘shimcha kuchlar va o‘t ochishning yuqori konsentratsiyasi samarasi bo‘ldi», deyiladi payshanba tongida berilgan hisobotda.

Rossiya qo‘shini Lisichanskka janubdan kirishga harakat qilmoqda: bu holatda ular qarshilik ko‘rsatishda davom etayotgan Severodonetskka o‘tish uchun Shimoliy Donni kechib o‘tishiga hojat qolmaydi. Ukrain kuchlari Severodonetsk shahrida faqatgina «Azot» kimyoviy zavodi hududini o‘z qo‘lida saqlab turibdi.

Hozircha to‘liq qurshov emas

Lugansk oblasti ma’muriyati rahbari Sergey Gayday 23 iyun tongida katta qismi rossiyalik harbiylar tomonidan egallab bo‘lingan regiondagi vaziyatni «haddan ortiq og‘ir» deb atadi. Gaydayning so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik harbiylar «barcha rezervlar»ni Severodonetskni shturm qilishga hamda Lisichansk va Severodonetskdan janubda joylashgan Zolotoye — Toshkovka yo‘nalishida oldinga yurish uchun tashlagan.

Bu rayonda, Gaydayning so‘zlariga ko‘ra, rossiyaliklar 22 iyun kuni avvalroq egallangan Toshkovkadan yurish qilib, Loskutovka va Ray-Aleksandrovka aholi punktlarini egallagan. Amerikadagi Urushlarni tadqiq qilish instituti (ISW) xaritasiga ko‘ra, rossiyaliklar bu aholi punktlariga kirishgach, Ukraina armiyasi nazoratidagi Zolotoye va Gorskoye shaharlari qariyb qurshovda qolgan.

Ukraina Bosh shtabi ham rossiyalik harbiylar Lugansk oblastidagi Loskutovka va Ray-Aleksandrovka posyolkalarini egallab olganini tasdiqlagan. Bu shuni anglatadiki, Rossiya armiyasi Lisichanskdan janubda joylashgan Zolotoye va Gorskoye shaharlarida mudofaalanayotgan Ukraina qurolli kuchlari qismlarini qurshab olish maqsadiga yaqinlashgan.

O‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan «LXR» kuchlari iddao qilishicha, bu shaharlardagi ukrain guruhi «to‘liq qurshov» holatida, Rossiyadagi hukumatparast nashrlar esa bu hududda uch minggacha ukrain harbiylari borligini yozgan. Ammo Kreml ta’siridagi harbiy korrespondentlar mazkur hududdan e’lon qilgan videolar ukrain qo‘shini katta ehtimol bilan o‘z pozitsiyalarini jangsiz tark etganini ko‘rsatadi. Hozircha rossiyalik harbiylar ushbu hududda himoyalangan guruhlardan birortasini qurshab olgani ma’lum emas. «Fokus» nashri ham o‘z manbasiga asoslanib Zolotoyedagi harbiylar olib ketilganini xabar qilgan.

24 fevralga qadar Zolotoye shahri ukrainalik harbiylar va rossiyaparast ayirmachilar o‘rtasidagi tutashuv chizig‘ida joylashgandi. Gaydayning so‘zlariga ko‘ra, Zolotoyedagi mudofaa istehkomlari 2014 yildan buyon o‘qqa tutib kelinadi, keng ko‘lamli urush boshlangach esa «bu yerga Rossiyada bor narsalarning barchasi ucha boshlagan…», fosforli o‘q-dorilardan tortib aviazarbalargacha, shu tufayli qo‘mondonlik harbiy xizmatchilar hayotini saqlab qolish uchun «yangi mudofaa chizig‘iga o‘tish»ga buyruq bergan bo‘lishi mumkin.

Sergey Gayday Ukraina qurolli kuchlari hamon Severodonetskdan janubi-g‘arbda, Shimoliy Don daryosining sharqiy sohilidagi hududlarni hamon o‘z nazoratida saqlab qolayotganini aytgan. Bu shuni anglatadiki, ukrain harbiylari hozircha Lisichansk - Severodonetsk hududida to‘liq qurshab olinmagan.

Britan harbiylari baholariga ko‘ra, RF armiyasi bosimni yanada kuchaytirib, bir necha kun ichida Lisichansk shahri chekkasiga yetib keladi. Hozirda Lisichanskka janubdan yondosh joylashgan Belaya gora posyolkasi hududida janglar ketmoqda. Sergey Gayday Lisichanskni Baxmut bilan bog‘laydigan «hayot yo‘li» doimiy o‘qqa tutilayotgani tufayli undan foydalanish imkoni yo‘qligini ma’lum qilgan, ammo Lisichanskdan boshqa yo‘llar bilan «kishibilmas evakuatsiya» davom etayotganini bildirgan (katta ehtimol bilan, shimoli-g‘arbda Seversk shahri orqali o‘tgan yo‘l nazarda tutilgan). Lisichanskning o‘zida, uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi bir kunda otishmalar oqibatida uch kishi yaralanib, bir kishi halok bo‘lgan.

Lisichansk muntazam ravishda o‘qqa tutilmoqda. Foto: Reuters

Shu bilan birga, Britaniya mudofaa vazirligi Rossiyaning Donetsk oblasti g‘arbini egallash uchun keng ko‘lamli yurish qilish bo‘yicha harakatlari muvaffaqiyatsizlikka uchrab, «to‘xtab qolgani»ni qayd etgan.

Rossiya harbiylari Severodonetsk yaqinida (bu yerda «Azot» zavodida himoyalanayotgan ukrain harbiylari bilan qaqshatqich janglar ketmoqda) shahar tipidagi Sirotino posyolkasini qamal qilmoqda. Bundan tashqari, Ukraina bosh shtabiga ko‘ra, RF armiyasi Severodonetsk va Lisichanskni ajratib turgan Shimoliy Don daryosini kechib o‘tishga hozirlanmoqda.

Lisichanskdagi vayron bo‘lgan madaniyat saroyi. 2022 yil 17 iyun
Aris Messins / AFP / Scanpix / LETA

«Raqibning tinkasini quritishga urinish»

Milliy strategik tadqiqotlar instituti tahlilchisi Nikolay Beleskovning hisoblashicha, Lisichanskka qo‘shni bo‘lgan Severodonetskning olinishi Rossiya uchun strategikdan ko‘ra siyosiy muvaffaqiyat bo‘ladi, chunki Rossiya qo‘shinida Donbassda katta qurshov hosil qilish va muvaffaqiyatni rivojlantirish uchun shunchaki kuch yetishmaydi.

«Tushunishimcha, Severodonetskni ushlab turishdan mantiq shunday: ruslar aynan shu yerga hujum qilar ekan, bu biz «Azot» kompleksiga tayanib, urbanizatsiyalashgan hududda turib o‘zaro janglarda, ularni hatto artilleriya qo‘llab-quvvatlab turgan holatda ham ruslarni maksimal darajada holdan toydirishga urinishimiz bo‘ladi», degan u Ukrainaning UNIAN agentligiga.

«Ya’ni bizning harbiylar Severodonetskni egallashga urinishlari, u yerga barcha kuch va vositalar yo‘naltirilishi, hatto frontning boshqa uchastkalaridan kuchlar olib kelib tashlanishi faktidan foydalanishga harakat qiladi. Bu ikki tomondan yuzma-yuz qirg‘inbarot. Ehtimol, harbiy nuqtayi nazarga ko‘ra chindan ham pozitsiyani tashlab ketish to‘g‘ri bo‘ladi, ammo boshqa tomondan olganda, biz shu yerda qolib uzoqqa borishimiz mumkin», degan Beleskov.

Severodonetskdagi «Azot» zavodida chiqqan yong‘in. 2022 yil 18 iyun
Oleksandr Ratushniak / Reuters / Scanpix / LETA

Ta’minot liniyasi

Bosh shtabning tasdiqlashicha, rossiyalik harbiylar Ukraina harbiylari ta’minoti uchun o‘ta muhim bo‘lgan Baxmut-Lisichansk trassasini o‘qqa tutishdan to‘xtamayapti, shuningdek Baxmut yo‘nalishida hujum qilinmoqda. Ular bu yo‘nalishga Markaziy harbiy okrugdan bitta batalon-taktik guruhini tashlagan.

Amerika Urushlarni tadqiq qilish instituti (ISW) 22 iyun kuni frontdagi vaziyatga bag‘ishlab e’lon qilgan hisobotida rossiyalik harbiylar yaqin kunlar ichida katta ehtimol bilan Lisichanskka yetib kelishi, ammo tezda butun Lisichansk - Severodonetsk hududini egallashning imkoni bo‘lmasligi aytilgan.

Lisichansk aholisi yerto‘la va boshqa boshpanalarda zarbalardan bekinmoqda. Foto: Reuters

ISW xabarida aytilishicha, rossiyalik harbiylar Shimoliy Don daryosining g‘arbiy sohili bo‘ylab janubga siljishga harakat qilmoqda va chorshanba kuni bu yo‘nalishda «ma’lum muvaffaqiyatlarga erishilgan».

ISW xabar qilishicha, rossiyalik harbiylar Baxmut-Lisichansk trassasini nazoratga olishga intilmoqda, ammo 22 iyun kuni davomida ushbu yo‘nalishda ilgarilash kuzatilmagan.

Bundan tashqari, RF armiyasi Baxmut hududida faollashishga urinmoqda, bu orqali Lisichanskka yana bir yo‘nalish bo‘ylab yaqinlashish, ukrainlarning ta’minot liniyasini kesib qo‘yish va butun hududni nazoratga olish mo‘ljallangan.

Top