11:17 / 23.06.2022
4724

DSQ qurilish sohasida soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlari haqida ma’lumot berdi

Fiskal institutda Davlat soliq qo‘mitasi rahbariyati va mas’ul xodimlari, Xalqaro valuta jamg‘armasi ekspertlari, Fiskal instituti professor-o‘qituvchilari va ilmiy xodimlari hamda qurilish sohasi vakillari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.

Foto: Davlat soliq qo‘mitasi

Davra suhbati davomida 2019-2022 yillarda qurilish sohasi asosiy ko‘rsatkichlari va dinamikasi, o‘tkazilgan tahlillar hamda nazorat tadbirlarida aniqlangan huquqbuzarliklar va ko‘p uchraydigan soliqdan qochish sxemalari muhokama qilindi.

2019-2022 yillarda tovar aylanma va bajarilgan ishlar hajmi o‘rtacha yildan yilga 15-20 foiz ortib borayotgan bo‘lsa-da, soha bo‘yicha o‘rtacha xarajatlar rentabelligi 2021 yildagi 10 foizdan 2022 yilda 3,1 foizga tushgani, qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan 20 303 ta korxona 5 mingga yaqinida (24 foiz) hujjatlariga muvofiq rentabellik 0 foizdan past, 12 mingdan ortig‘ida (60 foiz) 0 foizdan 1 foizgacha va 904 (4 foiz) kompaniyada 1 foizdan 3 foizgacha rentabellik qayd etildi.

Bundan tashqari, 10 mingga yaqin (50 foiz) qurilish korxonalarida 1 nafar ishchi rasmiylashtirilgan bo‘lib, bu haqiqatda ishlaydigan ishchilar soni yashirilayotganidan dalolat berishi ta’kidlandi.

Shuningdek, quyidagi:

turar joy obektlarini o‘rtacha bozor narxidan keskin darajada past narxda realizatsiya qilish. Misol uchun, qurilish korxonalari biri tomonidan Uchtepa tumanida qurilgan yangi ko‘p qavatli turar joy majmuasidan 26 ta kvartira o‘rtacha 1,8 mln so‘mdan sotilgan;

hisobotlarda xarajatlarni sun’iy ravishda oshirib ko‘rsatish orqali faoliyatini zarar bilan yakunlash natijasida foyda solig‘ini to‘lamaslik. Misol uchun, soliq to‘lovchi tomonidan 2022 yil 1-chorakda 16 mlrd so‘m realizatsiya amalga oshirilgan bo‘lsa-da, faoliyat 8 mlrd so‘m zarar bilan yakunlangan;

jismoniy shaxslar tomonidan qurilish korxonalari ustav jamg‘armasiga yirik miqdorda pul mablag‘lari, bino va inshootlar, qurilish mollari (manbasi ko‘rsatilmagan holda) kiritish va realizatsiya qilish. Misol uchun, 2 ta ta’sischi jismoniy shaxslar tomonidan ustav kapitali 2021 yil boshidan bugungi kunga qadar 121 mlrd so‘mga to‘ldirilgan. Ta’sischilar soliq organlaridagi ma’lumotlariga asosan yillik rasmiy daromadi 3,4 mln so‘mni tashkil etgani aniqlangan;

bajarilgan ishlar hajmini EHF rasmiylashtirmaslik orqali yashirish holatlari misollar shaklida taqdimot qilindi. Misol uchun, soliq to‘lovchining hisob raqamiga bajarilgan ishlar uchun 78 mlrd so‘m mablag‘lar kelib tushgan bo‘lsa-da, soliq hisobotlarida 15 mlrd so‘m aylanma aks etgan.

Mazkur muammolarni hal qilishda, soliq qonunchiligiga ixtiyoriy rioya etilishi, soliq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar afzalliklarini soliq to‘lovchilar bilan hamkorlikda muhokama qilish orqali ijobiy natijalarga erishish Davlat soliq qo‘mitasi asosiy maqsadlaridan biri hisoblanishi ta’kidlandi.

Top