13:12 / 24.06.2022
7756

2021 yil noyabridan beri Termiz orqali Afg‘onistonga 42 ming tonnaga yaqin oziq-ovqat mahsulotlari yetkazildi

Tashqi ishlar vazirligi prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan insonparvarlik yordami bo‘yicha xalqaro ko‘p funksiyali transport-logistika xabi tashkil etilgani to‘g‘risida rasmiy axborot berdi.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati

Afg‘oniston va boshqa davlatlarga insonparvarlik yuklarini tizimli, markazlashtirilgan hamda manzilli yetkazib berish maqsadida O‘zbekiston prezidenti farmoniga muvofiq Surxondaryo viloyatidagi «Termiz kargo markazi» logistika terminaliga insonparvarlik yordami ko‘rsatish bo‘yicha ko‘p funksiyali transport-logistika xabi maqomi berildi.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Afg‘oniston xalqiga har tomonlama yordam ko‘rsatmoqda. 2021 yil sentabr va dekabr oylarida respublika hukumati Termiz shahri orqali umumiy hajmi 5 ming tonnadan ortiq bo‘lgan ikkita yirik gumanitar yukni yetkazib berdi. 

2022 yil 30 aprel kuni Ramazon hayiti bayrami arafasida mamlakatdan Afg‘oniston xalqiga 4 ming tonnaga yaqin insonparvarlik yuki yetkazildi. Bu gumanitar yordamning barchasi oziq-ovqat, dori-darmon, kiyim-kechak, to‘qimachilik mahsulotlari, bug‘doy va ko‘mirdan iborat bo‘ldi.

O‘zbekiston Termizdagi infratuzilma va transport-logistika obektlaridan foydalangan holda xalqaro tashkilotlar hamda ayrim davlatlarga Afg‘onistondagi gumanitar faoliyatlarida ko‘mak bermoqda. 2021 yil dekabr BMT Qochqinlar bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi Termizdan Afg‘onistonga 40 tonna asosiy zaruriy mahsulotlardan iborat insonparvarlik yordami birinchi partiyasini jo‘natdi. 

2022 yil fevral oyida Qochqinlar bo‘yicha oliy komissar boshqarmasi Afg‘onistondan ehtimoliy qochqinlar oqimiga tayyorgarlik ko‘rish uchun Termizdan Tojikistonga 20 tonnaga yaqin birlamchi ehtiyoj mahsulotlaridan iborat yordam jo‘natgan. Boshqarma Termizdagi vakolatxonasiga insonparvarlik yuklarini yetkazib berish geografiyasini kengaytirish imkoniyatiga ega hududiy gumanitar logistika markazi maqomini berdi.

Qayd etilishicha, BMT Jahon oziq-ovqat dasturi (JOOD) tomonidan Termizdan Afg‘onistonga muntazam ravishda insonparvarlik yuklari jo‘natiladi. JOOD ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yil noyabridan bugungi kunga qadar Termiz orqali Afg‘onistonga 42 ming tonnaga yaqin oziq-ovqat mahsulotlari yetkazildi.

“Bundan tashqari, Xalqaro migratsiya tashkiloti, Xalqaro Qizil xoch qo‘mitasi, Yevropa ittifoqi va boshqa xalqaro tuzilmalar hamda xorijiy davlatlar ham O‘zbekistonning tranzit salohiyatidan foydalanishdan manfaatdor.

Xalqaro markaz tashkil etilishi jahon hamjamiyatining afg‘on masalasidagi manfaatlari va sa’y-harakatlariga mos keladi. Eng muhimi, bu Afg‘oniston xalqiga eng zarur tovarlarni tezkorlik bilan yetkazib berish va shu orqali afg‘on xalqiga gumanitar inqirozni bartaraf etishda samarali yordam ko‘rsatish imkonini beradi.

O‘zbekiston bu borada barcha xalqaro sheriklar bilan faol hamkorlik qilishga tayyor”, deyiladi rasmiy ma’lumotda.

Top