18:00 / 24.06.2022
19367

Lavrov Yevroittifoq va NATO Rossiya bilan urushish uchun koalitsiya tuzayotganini aytdi

Foto: AP Photo/Vahid Salemi

RF tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning hisoblashicha, Yevroittifoq va NATO davlatlari Rossiya bilan urushga tayyorlanmoqda. «Interfaks» nashri yozishicha, u bu haqda Bokudagi matbuot anjumanida aytgan.

Lavrov «Yevroittifoqdagi rusofob ayblovlar» uzoq istiqbolda ham yo‘qolishi dargumon ekanini qayd etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, yevropaliklar «Hitler sovetlar ittifoqiga qarshi kurash uchun Yevropaning ko‘p davlatlarini o‘z bayrog‘i ostida jamlagan» Ikkinchi jahon urushi arafasini eslatuvchi yo‘lni tanlagan.

«Hozir ham, jumladan Yevroittifoq NATO bilan birga Rossiya Federatsiyasi bilan urush qilish uchun shunday zamonaviy koalitsiya tuzishgan. Buning barchasini diqqat bilan kuzatib boramiz», — degan Lavrov.

Vazir Rossiya hukumati Ukraina va Moldovaga YeIga kirish uchun nomzod maqomi berilgach, «Yevropa ittifoqining xatti-harakatlariga real ko‘z bilan qarashi» va «real qadamlarni kuzatishi»ni qo‘shimcha qilgan.

23 iyun kuni Yevroittifoq mamlakatlari yetakchilari sammitida Ukraina va Moldovaga YeIga a’zolikka nomzod maqomi berildi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan bir necha kun o‘tib Yevroittifoqqa a’zo bo‘lib kirish uchun ariza topshirgandi. Iyun oyida RF prezidenti Vladimir Putin Rossiya Ukrainaning YeIga a’zo bo‘lib kirishiga qarshi emasligini aytgandi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top