17:13 / 24.06.2022
10380

Sherzod Shermatov Silikon vodiysidagi yirik IT kompaniyalar bilan muzokaralar o‘tkazmoqda

Ayni kunlarda AQShda bo‘lib turgan AKT vaziri Sherzod Shermatov O‘zbekistonda IT sohasini rivojlantirish va hamkorlik masalalarida Apple, VISA, Plug and Play, Coursera kabi yirik kompaniyalar vakillari bilan muzokaralar o‘tkazmoqda. Shuningdek, vazir USAID, Jahon banki vakillari hamda Silikon vodiysidagi vatandoshlar bilan ham uchrashgan.

Foto: AKT vazirligi matbuot xizmati

21 iyun kuni Shermatov AQSh Davlat departamentining Yevropa, Yevrosiyo va Markaziy Osiyoga yordam koordinatori o‘rinbosari Greg Naarden bilan uchrashgan.

AKT vazirligi matbuot xizmatidan Kun.uz'ga ma’lum qilishlaricha,  uchrashuvda AKT sohasidagi O‘zbekiston–AQSh munosabatlarining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilingan.

Foto: AKT vazirligi matbuot xizmati

Sherzod Shermatov yoshlar masofaviy xizmat ko‘rsatishga jalb qilinsa, mamlakat uchun katta yutuq bo‘lishini ta’kidlagan.

21 iyun kuni delegatsiya Vashingtonda VISA kompaniyasi vakillari bilan uchrashib, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, potensial hamkorlik platformasini yaratish, shu jumladan, onlayn to‘lovlar va boshqa sohalardagi hamkorlikni muhokama qilgan.

Foto: AKT vazirligi matbuot xizmati

“Shuningdek, AKT vazirligi delegatsiyasi VISA ma’lumotlar markaziga ham tashrif buyurib, uning faoliyati bilan tanishdi. Mehmonlarga markaz haqida batafsil ma’lumotlar berilib, taqdimot o‘tkazildi. Uchrashuvda O‘zbekistonda AKT sohasini rivojlantirish, raqamlashtirish va texnologiyalarni amalga oshirishda hamkorlik qilish maqsadida AKT vazirligi va VISA kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi”, – deyiladi ma’lumotda.

Delegatsiya vakillari Plug and Play kompaniyasi rahbariyati bilan ham uchrashuv o‘tkazgan. Uchrashuvda Plug and Play kompaniyasi bilan O‘zbekistonda BPO va KPO xizmatlarini ko‘rsatish uchun mutaxassislarni jalb qilish, O‘zbekistonda kompaniyaning vakolatxonasini ochish masalalari muhokama qilingan.

Foto: AKT vazirligi matbuot xizmati

“Shuningdek, Plug and Play O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochsa, startaplarni qo‘llash va saralash hamda ularning o‘sishiga yordam beradi, katta korporatsiyalar bilan bog‘laydi, venchur kapital sarmoyalarini jalb etishga ko‘maklashadi. Bu kabi unikal ekotizim bizda ham tashkil etilishi yoshlarimizning yangi startaplari orasida UNICORN darajasigacha chiqqan loyihalar bo‘lishi uchun qo‘shimcha imkoniyat bo‘ladi”, – degan vazir.

Sherzod Shermatov AQShga tashrifi davomida Coursera kompaniyasi rahbariyati bilan ham uchrashib, bir qancha kelishuvga erishgan.

Uzbekcoders.uz platformasida BAA bilan hamkorlikda amalga oshirilgan “Bir million dasturchi” qo‘shma loyihasining mantiqiy davomi sifatida endi haqiqiy mutaxassis bo‘lib o‘qishni davom ettirmoqchi bo‘lganlarga Coursera bilan xalqaro darajada o‘qitib, sertifikatsiyalash imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha loyihani amalga oshirishga kelishib olingan.

Foto: AKT vazirligi matbuot xizmati

Bu kurslarni bitirgan va sertifikat olgan yoshlarning IT kompaniyalarda yuqori daromadli ishlarga qabul qilinishlariga yoki frilans orqali buyurtmalar olishlariga kengroq yo‘l ochiladi, deyiladi vazirlik ma’lumotida.

O‘zbekiston rasmiylari safar davomida Apple kompaniyasining davlat tashkilotlari bilan aloqalarga mas’ul rahbarlari bilan ham uchrashgan.

Ma’lum qilinishicha, uchrashuvda kompaniya va AKT vazirligi o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, O‘zbekistonda Apple kompaniyasi faoliyatini kengaytirish, joriy etilayotgan 5G tarmoqlarida iPhone'dan foydalanish imkoniyatini yo‘lga qo‘yish va App Store'da mahalliy dasturchilarga imkoniyatlarni kengaytirish masalalariga e’tibor qaratilgan.

Foto: AKT vazirligi matbuot xizmati

Kompaniya vakillariga kelgusida O‘zbekistonda ApplePay tizimini joriy etish, Swift dasturlash tilini ommalashtirish yo‘nalishlarida ham hamkorlik qilish taklif etildi.

Shermatov boshchiligidagi delegatsiya AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning Osiyo Byurosi Administratori assistenti o‘rinbosari Anjali Kaur bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.

Foto: AKT vazirligi matbuot xizmati

Uchrashuvda Amerika grantlari hisobidan English Speaking & IT-nation qo‘shma dasturini amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar, raqamli iqtisodiyot doirasida hamkorlikda loyihalarni amalga oshirish, O‘zbekistonda keng polosali aloqani kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Jahon Bankining raqamli rivojlanish kotibiyati direktori Kristin Jyenvey Kiang bilan uchrashuvda esa hukumatning «Raqamli O‘zbekiston – 2030» strategiyasini amalga oshirishni keng va uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlashga oid dastur muhokama qilingan.

“Shu bilan birga, “O‘zbekistonda raqamli inklyuzivlik” deb nomlangan kichik maqsadli investitsiya loyihalarini moliyalashtirish loyihasini o‘z ichiga olgan ushbu asosning birinchi bosqichini amalga oshirishda O‘zbekiston uchun Jahon bankining Xalqaro rivojlanish assotsiatsiyasidan mablag‘ ajratish bo‘yicha ham fikr va mulohazalar almashildi”, – deyiladi vazirlik axborotida.

Foto: AKT vazirligi matbuot xizmati

Sherzod Shermatov, bundan tashqari Silikon vodiysida o‘qiyotgan va ishlayotgan o‘zbekistonlik vatandoshlar bilan ham norasmiy uchrashuv o‘tkazgan.

“Ularni imkoni boricha o‘zbekistonlik yoshlarni autsorsing loyihalarga jalb qilishga taklif etdik. Xorazmda bo‘lganimda yosh dasturchilar AQShdagi hamyurtimiz soatiga 70 dollar buyurtma olib, bizga soatiga 7 dollar narxda beradi deb aytib berishgandi. Yomonlash ma’nosida emas, balki bu aynan xorijdagi hamyurtlarimizga ham qo‘shimcha daromad topishga imkoniyat ekaniga yaqqol misol.

Foto: AKT vazirligi matbuot xizmati

Viloyatlardagi universitet talabalariga 7 dollardan soatiga daromad bo‘lsa, oyiga ming dollar atrofida daromad degani, ya’ni ular jon deb ishlashadi ham qo‘shimcha portfolio va tajriba bo‘ladi”, – deb yozgan AKT vaziri.

Mavzuga oid
Top