22:19 / 25.06.2022
9031
Erdo‘g‘an Shvetsiya Kurdiston Ishchi partiyasiga nisbatan munosabatini “butkul o‘zgartirishi” zarurligini bildirdi 

Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Shvetsiya bosh vaziri Magdalena Andersson bilan telefon orqali muloqot qildi. Tomonlar muloqot davomida Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishi masalasini muhokama qildi. 

Foto: Reuters

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Shvetsiya Anqarani tashvishlantirayotgan masalalarni hal qilish bo‘yicha tashabbus ko‘rsatmayotganini aytdi. 

Turkiya prezidenti devonxonasining ma’lum qilishicha, Erdo‘g‘an Shvetsiya bosh vaziri Magdalena Andersson bilan telefon orqali muloqot qildi. 

Tomonlar muloqot davomida Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishi masalasini muhokama qildi. Turkiya rahbari Stokholm Kurdiston Ishchi partiyasiga nisbatan munosabatini “butkul o‘zgartirishi” zarurligini qayd etdi. 

“Prezident shuningdek, Shvetsiya tomonidan Turkiya mudofaa sanoatiga nisbatan cheklovlar va qurol yetkazib berishga qo‘yilgan embargo bekor qilinishini kutayotganini bildirdi”, — deyiladi xabarda. 

Qayd etilishicha, hozircha Anqara “Turkiyaning xavotirlarini olib tashlaydigan sezilarli tashabbuslarni ko‘rmayapti”.

Finlandiya va Shvetsiya Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi fonida NATOga qo‘shilish niyatini e’lon qildi. Bu davlatlarni alyansga qabul qilish uchun uning barcha 30 a’zosining roziligi kerak. Ayni paytda Anqara bunga qarshi chiqmoqda. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an buni “Finlandiya va Shvetsiyada Turkiyada terrorchilik tashkilotlari vakillari deb ataluvchi kurdlar bo‘yicha aniq pozitsiya yo‘qligi” bilan izohladi.

Bundan tashqari, Turkiya 2019 yilda Suriyada kurdlarga qarshi harbiy operatsiya boshlaganidan so‘ng Stokholm va Helsinki Turkiya tomoniga mudofaa mahsulotlarini yetkazib berishga sanksiyalar joriy etgan.

25 may kuni Turkiya Shvetsiya va Finlandiya vakillari bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda bu davlatlarga 10 ta shartni ilgari surdi.

Mavzuga oid
Top