20:00 / 27.06.2022
16704

“UzAuto Motors” 47 foizga ko‘p avtomobil ishlab chiqardi

Pandemiya, yarimo‘tkazgichlarning tanqisligi shuningdek, Ukrainadagi vaziyat jahon avtomobil bozoridagi inqirozni kuchaytirdi. Bu o‘z navbatida, butun avtomobil bozoriga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Barcha avtobrendlar uning oqibatlarini his qilmoqda.

Foto: UzAuto Motors

Bugun UzAuto Motors avtomobil bozorini kerakli miqdordagi avtomobillar bilan to‘ldirish uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda. Mart-aprel oylarida ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun qo‘shimcha 4 200 dona avtomobil ishlab chiqarish uchun havo yo‘llari orqali 656 tonna butlovchi qismlar olib kelindi. Bu esa raqamlarda va natijalarda ham o‘z aksini topmoqda. Har kuni konveyerlardan 1 000 dan ortiq avtomobil ishlab chiqarilib, zavod to‘liq quvvat bilan ishlamoqda. Darhaqiqat, kompaniya 2022 yilning besh oyida o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlarini ortda qoldirdi.

Aniq ma’lumotlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2022 yilning yanvar-may oylari davomida, UzAuto Motors zavodida 126 246 ta avtomobil ishlab chiqarildi. Ushbu ko‘rsatkich 2021 yilga qaraganda 47%ga ko‘proq. Shunday qilib, o‘tgan yilga nisbatan ishlab chiqarish hajmining o‘sishi 40 452 dona avtomobilni tashkil etadi.

Ayni paytda, kompaniya imkon qadar ko‘proq avtomobil ishlab chiqarish va ularni qisqa vaqt ichida yetkazib berish uchun qo‘lidan kelgan barcha choralarni ko‘rmoqda. Xususan, logistika zanjirlarini optimallashtirish Koreya Respublikasidan butlovchi qismlarni yetkazib berish vaqtini 45 kundan 38 kungacha qisqartirish imkonini berdi, Xitoydan yuklarni temiryo‘ldan avtomobilga o‘tkazish esa tranzitni 55 kundan 20 kunga qisqartirdi. Shuningdek, 30 dan ortiq yetishmayotgan butlovchi qismlarni yetkazib beruvchilar bilan kelishuvga erishildi. Olib borilgan chora-tadbirlar samarasi tufayli Lacetti va Damas avtomobillari uchun butlovchi qismlarni yetkazib berish hajmi 6 000 donadan 8 000 donagacha oshirildi. Natijada, Asaka zavodida Lacetti/Cobalt avtomobillarini ishlab chiqarish oyiga 19 200, Xorazm zavodida esa Damas/Labo avtomobillarini ishlab chiqarish 9 000 donaga yetkazildi.

Foto: UzAuto Motors

Yurtimizdagi avtosanoatdan farqli o‘laroq, jahonda avtomobil komponentlarining yetishmasligi sababli Yaponiya avtokonserni Toyota Motor o‘zining eng mashhur modellarini ishlab chiqaradigan 10 ta zavodidagi 16 ta konveyerning ishini to‘xtatdi. Shu sababli iyun oyida rejalashtirilgan ishlab chiqarish hajmidan ko‘ra kam avtomobil ishlab chiqariladi. Amerikaning Ford kompaniyasi esa ishlab chiqarishni to‘xtatmagan holda, avtomobil foydalanilishida zarur bo‘ladigan maxsus uskunalarsiz ishlab chiqarishni davom ettirmoqda. Yo‘qotishlarning oldini olish uchun qilingan ushbu qaror, 7000 dona Ford F150 pikapining avtoturargohlarda yig‘ilib qolishiga sabab bo‘ldi. 

Yuqoridagi misollardan ko‘rinadiki, har bir avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya yarimo‘tkazgichlar yetishmovchiligi muammosini vaziyatdan kelib chiqib hal qilishga urinmoqda. Ba’zi kompaniyalar ishlab chiqarishni to‘xtatishga qaror qilsa, ba’zilari avtomobilni ma’lum bir jihozlarsiz ishlab chiqarishga majbur bo‘lmoqda.

Reklama huquqi asosida

Top