20:33 / 28.06.2022
75399

Dunyoni o‘zgartirgan 10 ta avtomobil

Amerikaning Forbes biznes jurnali «dunyoni o‘zgartirgan» 10 ta avtomobil ro‘yxatini e’lon qildi. Unga tarixda eng ko‘p sotilgan, eng chiroyli deb topilgan, «xalq avtomobili» deb tan olingan, ekologik tozaligi bilan ajralib turgan mashinalar, sportkar, miniven va gibrid avtomobil kiritildi.

Foto: wikipedia.org

Reytingga innovatsion yechimlarni taklif qilgan, yangi avtomobillar sinfini ochgan, inqilobiy dizayni bilan ajralib turgan yoki arzonligi va ishonchliligi tufayli mashhur bo‘lgan modellar kirgan. Shu tufayli ham ro‘yxatda juda arzon Trabant va Ford Mustang sportkari yonma-yon turadi. Reyting avtomobil sanoatining so‘nggi 100 yilini qamrab oladi.

Forbes jurnaliga ko‘ra dunyoni o‘zgartirgan 10 ta avtomobil

1. Ford Model T (1908)

O‘rtahol sinf uchun hamyonbop bo‘lgan va seriyali tarzda ishlab chiqarilgan dunyodagi ilk arzon avtomobil.

Ford Model T (litfund.ru)

«Tunuka Lizzi» nomi bilan tanilgan ushbu avtomobil Amerikaning Ford Motor Company kompaniyasi tomonidan 1908-1927 yillarda ishlab chiqarilgan. Bu millionlab seriyalarda chiqarilgan dunyodagi birinchi avtomobil edi.

Ko‘pchilikning fikriga ko‘ra, Henri Ford yangi yengil avtomobilni o‘rtahol amerikaliklar uchun nisbatan arzon qilish orqali «Amerikani g‘ildiraklarga o‘tqazib qo‘ygan». Bunga innovatsiyalarni joriy qilish, qo‘lda yig‘ish o‘rniga konveyerdan foydalanish, avtomobil konstruksiyasini soddalashtirish, natijada tannarxni pasaytirish orqali erishildi.

Model T 1908 yilda Amerika bozoriga 825-850 dollardan taklif etildi. Vaholanki, ko‘pchilik avtomobillarning narxi 1100-1700 dollar atrofida edi. 1916-17 yillarga kelib, tannarx pasaydi va avtomobilning narxi 350 dollarga tushdi.

Model T dunyoning ko‘plab mamlakatlarida ishlab chiqarilgan «butunjahon» avtomobilga aylandi. Xususan, Ford Motor Company filiallari Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya va Avstraliyada ochilgan edi.

Hammasi bo‘lib 15 milliondan sal ko‘proq Ford Model T ishlab chiqarilgan.

2. Volkswagen Beetle (1938)

Dunyodagi eng ommaviy ishlab chiqarilgan avtomobil. U ixcham (kichik) avtomobillar uchun sifat standartiga aylandi.

Volkswagen Beetle (moma.org)

Volkswagen Käfer (nemischa Käfer – «Qo‘ng‘iz») – 1946 yildan 2003 yilgacha Germaniyaning Volkswagen kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan yengil avtomobil. Bu asosiy dizayni yillar davomida o‘zgartirilmagan holda ishlab chiqarilgan tarixdagi eng ommaviy avtomobildir. Jami 21,5 millionta «Qo‘ng‘iz» zavod konveyeridan chiqqan. Tarixda eng ko‘p sotilgan mashinalardan biri.

Germaniyada Beetle 1970-yillarning o‘rtalariga qadar ishlab chiqarilgan, keyinchalik Lotin Amerikasidagi zavodlarga ko‘chgan. So‘nggi mashina 2003 yilda Meksikadagi zavoddan chiqib ketgan.

3. Jaguar XK120 (1948 yil)

Mutaxassislar uni dunyodagi eng chiroyli avtomobillardan biri deb hisoblashadi.

Jaguar XK120 (classicdriver.com)

Jaguar XK120 – 1948 yildan 1954 yilgacha Buyuk Britaniyada ishlab chiqarilgan sport avtomobili. Seriyali avtomobilning maksimal tezligi 200,5 km/soat, maxsus tayyorlangani esa 219,83 km/soatni tashkil qilgan.

Jaguar XK120 seriyali avtomobillar ichida eng tezkori bo‘lgan. 1951 yilda o‘tkazilgan 24 soatlik Le-Man poygasida birinchi o‘rinni egallagan.

Jami 12078 ta Jaguar XK120 ishlab chiqarilgan bo‘lib, ularning 80 foizidan ortig‘i xorijga, asosan Amerikaga eksport qilingan.

4. Trabant (1958)

30 yil davomida Germaniya Demokratik Respublikasida (GDR) ishlab chiqarildi va Yevropadagi kommunistik lager mamlakatlari uchun «xalq avtomobili»ga aylandi.

Trabant (wikiwand.com)

Trabant (nemischa Trabant – Sputnik) – Sharqiy Germaniyaning kichik avtomobillar brendi bo‘lib, Sachsenring Automobilwerke korxonasi tomonidan ommaviy ishlab chiqarilgan, GDR ramzlaridan biriga aylangan.

Hammasi bo‘lib taxminan 3 millionta Trabant ishlab chiqarilgan, bu uni eng ko‘p ishlab chiqarilgan avtomobillar qatoriga qo‘yadi. Trabant sotsialistik mamlakatlarga (asosan Chexoslovakiya, Polsha va Vengriya), shuningdek, bir qator kapitalistik mamlakatlarga – masalan, Gretsiya, Niderlandiya, Belgiya, Janubiy Afrika va hatto Buyuk Britaniyaga eksport qilingan.

Ommaviy motorizatsiya muammosini hal qilish uchun mo‘ljallangan «xalq avtomobili» o‘ta hamyonbop, masalan, Sovet Ittifoqida ishlab chiqarilgan GAZ-24 «Volga» avtomobilidan qariyb 3 barobar, VAZ-21011 avtomobilidan qariyb 2 barobar arzon bo‘lgan. Bu esa uni sotib olish uchun uzundan uzoq navbatlarni yuzaga keltirgan. Ba’zi xaridorlar uni qo‘lga kiritish uchun 10 yillab kutishgan.

5. Porsche 911 (1964)

Afsonaviy mashina, sport avtomobillarining standarti, Porsche brendining yuzi hisoblanadi.

Porsche 911 (1zoom.ru)

Porsche 911 (nemischa Neunelfer) — Germaniyaning Porsche AG kompaniyasi tomonidan 2 eshikli kupe yoki uning negizida kabriolet kuzovida ishlab chiqarilgan, 1964 yildan hozirgi kungacha turli modifikatsiyalarda chiqarilgan sportkar.

911 modeli nisbatan arzonligi va yuqori quvvatga ega xususiyatlari tufayli jahon avtosportida eng ko‘p tarqalgan avtomobillardan biriga aylandi. Yillar davomida ralli bo‘yicha jahon chempionatlari, «Targa Florio» poygasi, 24 soatlik «Daytona», 12 soatlik «Sebring», 24 soatlik «Nyurburgring» kabi mashhur halqali poygalarda g‘olib bo‘lgan.

6. Ford Mustang (1964)

Qo‘shma Shtatlarda ushbu model bilan «mushaksimon avtomobillar», ya’ni dizayni xuddi mushaklar kabi bo‘rtib chiqqan sport kupelari davri boshlandi.

Ford Mustang (hdpic.club)

Ford Mustang – bu Ford Motor Company tomonidan ishlab chiqarilgan mashhur Pony Car hisoblanadi. Amerikada bunday ibora bilan sportcha ko‘rinishda ishlab chiqarilgan, ammo yuqori quvvatli dvigatelga ega bo‘lmagan avtomobillar ataladi.

Birinchi Mustang 1964 yilda konveyerdan chiqqan bo‘lib, hozirgi kunda uning 6-avlodi dunyo bo‘ylab kezmoqda. Ford kompaniyasining eng uzoq vaqtdan buyon ishlab chiqarilayotgan avtomobili hisoblanadi.

Mustang sport kupelari va kabrioletlarining zamonaviy liniyasi sifatida yaratilgan bo‘lib, dastlab uzun kapot va qisqa paluba proporsiyasiga ega bo‘lgan. U avtomobilsozlikka yangi yo‘nalishdagi dizaynni taqdim qilgan. 2018 yil avgustiga kelib Ford 10 millioninchi Mustang konveyerdan chiqargan.

7. AMC Eagle (1980)

4 g‘ildiragi ham tortuvchi dunyodagi birinchi xetchbeklardan biri.

AMC Eagle (zen.yandex.ru)

AMC Eagle – American Motors Corporation (AMC) tomonidan 1979-87 yillarda ishlab chiqarilgan, o‘rta sinf uchun mo‘ljallangan yengil avtomobil.

O‘sha paytda Eagle Qo‘shma Shtatlarda ishlab chiqarilgan 4 g‘ildiragi ham tortuvchi yagona yengil avtomobil edi. U katta yo‘llarda qulay va yomon yo‘llarda yaxshi harakatlanish imkonini beruvchi arzon avtomobil bo‘lgan.

AMC Eagle birinchi krossover (yengil avtomobil va yo‘ltanlamas avtomobil o‘rtasidagi sinf) sifatida tanilgan. Ushbu sinf avtomobillarining peshqadami bo‘lgan. Jami 198 mingga yaqin Eagle ishlab chiqarilgan.

8. Jeep Cherokee (1974)

Dunyodagi birinchi o‘rta o‘lchamli, o‘rtacha narx kategoriyaga ega bo‘lgan yo‘ltanlamas.

Jeep Cherokee (autoreview.ru)

Jeep Cherokee – 1974 yildan 1983 yilgacha Amerikada ishlab chiqarilgan SUV (sport utility vehicle) yo‘ltanlamas toifaga kiruvchi, ammo asosan shaharda va asfalt yo‘lda foydalaniladigan avtomobil.

Uning birinchi avlodi AQSh va Avstraliyadagi zavodlarda ishlab chiqarildi, shu sababli, avtomobillarning aksariyati ushbu davlatlarda tarqalgan.

Jeep Cherokee ijobiy xususiyatlari orasida keng salon, kuchli dvigatel, mustahkam ramka tuzilishi va harakatlanish imkoniyatining yuqori ekanini ajratib ko‘rsatish mumkin. Ammo uning yoqilg‘i sarfi yuqori ekani – kamchiliklaridan biri bo‘lgan. Jeep Cherokee amerika oilalarining sevimli avtomobillaridan biriga aylangan.

9. Dodge Caravan (1984)

Dunyodagi birinchi miniven.

Dodge Caravan (autoevolution.com)

Dodge Caravan – Chrysler tomonidan 1984-2020 yillarda ishlab chiqarilgan minivenlar seriyasidir.

Miniven (inglizcha minivan — «kichik furgon») — bitta hajmdagi kuzovga va kapotsiz yoki 1,5 hajmdagi kompanovkaga, uch qatorli o‘rindiqlarga ega yengil avtomobil. Odatda 8 ta o‘rindiqdan oshmagan.

Dodge Caravan yo‘lovchi va yuk tashuvchi furgon sifatida taqdim etilgan. 1984 yildan beri butun dunyo bo‘ylab 15 millionga yaqin shunday miniven sotilgan.

10. Toyota Prius (2000 yil)

Ommaviy ravishda ishlab chiqarilgan dunyodagi ilk gibrid avtomobil. Eng ko‘p sotilgan ekologik toza avtomobillardan biri.

Toyota Prius (drom.ru)

Toyota Prius 1997 yildan beri Yaponiyaning Toyota korporatsiyasi tomonidan ishlab chiqariladi. Benzin va elektr dvigatellari bilan jihozlangan dunyodagi birinchi gibrid yengil avtomobilidir. Model nomidagi lotincha Prius so‘zi «birinchi, dastlabki» deb talqin qilinadi.

Avtomobilda zararli chiqindilarning darajasi past, shuningdek, yoqilg‘ini kam sarf qiladi. Ekologik tozaligi va dizaynining o‘ziga xosligi tufayli ko‘plab mukofot va sovrinlarga sazovor bo‘lgan. Yaponiyada, Shimoliy Amerika va Yevropada yilning eng yaxshi avtomobili sifatida tan olingan.

Muhim jihati shundaki, Prius elektr energiya bilan quvvatlantirilmaydi, unga faqat benzin quyiladi. Kerakli elektr energiyani avtomobilning o‘zi ishlab chiqaradi. Uning gibrid tortish uskunasi shunday qurilganki, benzin dvigateli va elektromotor avtomobil g‘ildiraklari bilan bog‘lanib, eng samarali rejimda ishlaydi. Natijada, yoqilg‘i juda kam sarflanadi. Prius tom ma’noda avtomobilsozlikda inqilobiy o‘zgarishlarni amalga oshirgan.

Nurmuhammad Said tayyorladi.

Top