07:24 / 28.06.2022
14675
O‘zbekiston 2026 yilgacha gaz eksportini to‘xtatishi mumkin 

O‘zbekiston gaz eksportidan butunlay voz kechishi mumkin. Bu haqda «O‘ztransgaz» kompaniyasi boshqaruvi raisi Behzod Normatov jurnalistlarga ma’lum qildi, deb yozmoqda «Interfaks».

Foto: Getty Images

«Ehtimol, yaqin kelajakda O‘zbekistonda qazib olingan gazning hammasi O‘zbekistonda qoladigan bo‘ladi, chunki kimyo zavodlari kengaymoqda, ichki iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash kerak. Ha, eksport bor edi, lekin bizda hali ham iqtisodiy dinamika o‘ylagandek emas. Biz ish o‘rinlari yaratishimiz kerak, lekin toza ko‘rinishda eksportni amalga oshirish kerak – uni qayta ishlash va qo‘shimcha qiymat zanjirlarini yaratish iqtisodiyot uchun qanchalik foydali?» – dedi Normatov. U eksportning to‘xtatilishi 2025-2026 yillarga borib sodir bo‘lishi mumkinligini ta’kidlab o‘tdi.

Ayni paytda O‘zbekistonda qazib olinayotgan gazning qariyb 10 foizi Xitoyga eksport qilinmoqda. Normatovning so‘zlariga ko‘ra, foiz O‘zbekistonning ichki ehtiyojlaridan kelib chiqib, oydan oyga o‘zgarib turadi. Odatda, eksport qilinadigan gaz hajmi qishda kamayadi, yozda esa ko‘payadi. 

«O‘zbekiston hududida faoliyat yurituvchi kompaniyalar bor, ularning oldida bizda ma’lum majburiyatlar bor. Ya’ni, loyihalar iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash maqsadida – Xitoy kompaniyalari, Rossiya kompaniyalari – biz ularga gaz eksportini ta’minlaymiz (eksport uchun gaz O‘zbekiston ichki bozoridagi narxlardan bir necha baravar yuqori narxlarda sotiladi). Ya’ni bularning barchasini ichki bozorga yo‘naltirishimiz mumkin edi, lekin biz o‘zimizdagi kelishuvlarga amal qilamiz», dedi «O‘ztransgaz» rahbari.

Mavzuga oid
Top