21:57 / 29.06.2022
28877

Shvetsiya va Finlandiya NATOga kirmoqda. Endi - rasman

Chorshanba kuni Madriddagi NATO sammitida Shvetsiya va Finlandiya alyansga a’zo bo‘lish uchun rasmiy taklif oldi. Turkiya barcha e’tirozlarini qaytarib olgan va endi ish faqat a’zo davlatlar parlamentlarida qolgan - ammo ularning barchasi yangi a’zolarni ma’qullashiga hech kim shubha qilmayapti.

Foto: Getty Images

«Finlandiya va Shvetsiyaning qo‘shilishi [alyans a’zolari] xavfsizligini oshiradi, NATOni kuchaytiradi va Yevroatlantika regionini yanada xavfsizroq qiladi», - deyilgan NATOning yangi strategik konsepsiyasi tavsiflangan bayonotida.

Seshanba kuni Madriddagi muzokaralardan keyin Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Finlandiya va Shvetsiya rahbarlari bilan skandinav davlatlarining ittifoqqa kirishini sekinlashtirishi mumkin bo‘lgan da’volarini bekor qiluvchi qator xavfsizlik choralarini kelishib oldi.

Madriddagi uchrashuv arafasida Turkiya tomoni ikki skandinav davlati hamda AQSh vakillari bilan muzokaralar o‘tkazib, Shvetsiya va Finlandiyaga o‘z talablarini xat ko‘rinishida taqdim etgandi, Anqara ikki yangi a’zoning NATOga qabul qilinishi uchun ushbu shartlari bajarilishini talab qilib kelayotgandi.

Finlandiya prezidenti Sauli Niinistyo sammitning ilk kunidayoq muvaffaqiyatga erishilganini aytdi - uch davlat tomonlarning qaysi birining xavfsizligiga tahdid yuzaga kelgan taqdirda bir-birini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash haqidagi qo‘shma memorandumni imzoladi.

Anqaraning Shimoliy Atlantika alyansi bo‘yicha bo‘lajak hamkorlariga e’tirozlari qatorida Turkiya terrorchi tashkilot deb hisoblaydigan Kurdiston ishchilar partiyasi qo‘llab-quvvatlanishi masalasi ham bor edi.

Alyans bosh kotibi Yyens Stoltenberg kelishuv doirasida Anqara Shvetsiya va Finlandiyadan Istanbul tomonidan terrorizmda ayblangan migrantlarni Turkiyaga ekstraditsiya qilish to‘g‘risidagi va’dani olganini aytdi. Stoltenbergning o‘zi ham bayonotida Kurdiston ishchilar partiyasini terrorchi tashkilot deb atagan.

Bundan tashqari, Anqara zamonaviy qurollar yetkazib berishga qo‘yilgan cheklovlar bekor qilinishini talab qilgan - embargo Turkiya harbiylari Suriyaga bostirib kirganidan keyin va Rossiyadan havo hujumidan mudofaa tizimlari sotib olingani tufayli joriy etilgandi.

Turkiya hukumati vakillari rasmiy izohlarida Shvetsiya va Finlandiya bilan muzokaralarda «o‘zlari istaganini olishgani»ni qayd etishgan.

Endi shvedlar va finnlarning arizalari a’zo davlatlar parlamentlari tomonidan ma’qullanishi kerak va bu jarayon ma’lum vaqtni oladi. Ammo tahlilchilar buyog‘iga qandaydir syurprizlar bo‘lishini kutishmayapti.

Rossiya chegaralari yaqinida

Amalda har ikki davlat uchun ham ko‘p narsa o‘zgarmaydi: Shvetsiya ham, Finlandiya ham 1994 yildayoq NATOning rasmiy hamkorlariga aylanishgan, o‘tgan vaqt mobaynida alyans armiyalari bilan yaqindan hamkorlik qilib kelishgan hamda uning barcha texnik va institutsional talablariga javob beradi.

Asosiy o‘zgarish - bu Shimoliy Atlantika shartnomasining beshinchi moddasi bo‘yicha, unda NATOning biror davlatiga hujum butun ittifoqqa hujum sifatida ko‘riladi va barcha hujumga uchragan davlatga yordamga otlanadi.

«Prezident Putinga eng muhim signallardan biri... u NATOning har qanday kengayishiga qarshi edi. U NATO kichikroq bo‘lishini xohlagandi. Endi prezident o‘z chegaralarida yanada kattaroq NATOni ko‘radi», - degan Stoltenberg seshanba kuni kechqurun bergan bayonotida.

Uning so‘zlariga e’tiroz bildirish qiyin: Finlandiya va Rossiyaning quruqlik orqali chegarasi 1300 kilometrni tashkil etadi. Qolaversa, Rossiyaning qit’alararo harakatlanuvchi ballistik raketalari bazalari va Shimoliy flot bazalari aynan Finlandiya bilan chegaradosh hududlar bo‘ylab joylashgan.

Bundan tashqari, ushbu bazalar ta’minoti birgina temiryo‘l va bitta avtomobil yo‘li orqali amalga oshiriladi, bu yo‘llar Ladoga ko‘lidan shimoldan boshlanadi - bu esa nazariy jihatdan alyans kuchlari yarim ming kilometr uzunlikdagi bu ta’minot liniyasini istalgan joydan kesib qo‘yishi mumkinligini anglatadi.

Ikkinchi nafas

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi 1949 yilda sovetlar tahdididan himoyalanish uchun asos solingan Shimoliy Atlantika kelishuvi tashkilotiga yangi impuls berdi.

Afg‘onistondagi muvaffaqiyatsizlik va AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp davridagi ichki kelishmovchiliklardan keyin, Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning NATOning «miyasi o‘layotgani» to‘g‘risidagi da’vosi va Xitoyning o‘sib borayotgan ambitsiyalaridan keyin Rossiya bosqini, aftidan turg‘unlashgan alyans oyoqlari ostiga yerni qaytargan.

Bu yangi dinamikani qayd etish uchun, Madriddagi sammitga alyans a’zosi bo‘lmagan davlatlar - Avstraliya, Yangi Zelandiya, Yaponiya va Janubiy Koreya davlatlari rahbarlari ham taklif etildi.

NATO Xitoy va Rossiyaga qarshi turish uchun ushbu davlatlar bilan yanada qalin munosabatlar o‘rnatishga intilmoqda. O‘z navbatida, Moskva va Pekin fevral oyidayoq qo‘shma bayonot berib, NATOning Yevropada kengayishini xalqaro tahdid uchun tahdid deb atagandi.

«Rossiyaning Ukrainaga bosqini dunyoning qat’iyati kuchli va qat’iy demokratik davlatlarini yanada jipslashtirdi. Va men ishonamanki, bu hal qiluvchi rol o‘ynaydi», degan Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaneze sammit doirasida tahliliy markazda o‘tkazilgan tadbirda.

Rossiya va Xitoy

Ittifoqchilar NATOning so‘nggi o‘n yillikdagi yangi strategik konsepsiyasi bo‘yicha kelishib olishi kerak - bu alyans rejalarini aks ettiruvchi asosiy hujjat. Ko‘rinib turibdiki, unda Rossiyaga katta e’tibor qaratilgan.

Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches strategik konsepsiyada Rossiya NATO uchun «asosiy tahdid» sifatida belgilanishini aytdi.

«Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi g‘arbcha turmush tarzimizga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid», deya qo‘shimcha qildi Belgiya bosh vaziri Aleksandr De Kroo va urushning energiya va oziq-ovqat narxlari oshishiga olib kelgan keng ko‘lamli oqibatlarini yodga olib.

Hujjat loyihasida, shuningdek, Xitoy birinchi marta qarshi tomon sifatida tilga olinadi va Pekin xayrixoh savdo sherigidan tez o‘sib borayotgan raqobatchiga aylangani tufayli ittifoqchilar harakatlar rejasi ishlab chiqishiga zarurat yuzaga kelgani aytiladi.

Alyans yetakchilari Rossiyadan farqli o‘laroq Xitoy dushman sanalmasligini ma’lum qilishgan.

Sammitda qurollar va moliyaviy yordam uchun va’da qilingan milliardlab dollarlardan tashqari Ukrainaga uzoq muddatli yordam paketi bo‘yicha ham kelishib olinishi kerak.

G‘arb alyansi AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya va Kanada kabi yirik ittifoqchilar birinchi navbatda Boltiqbo‘yi davlatlariga qurol-yarog‘ va texnikalar jo‘natib, harbiy mashg‘ulotlarni faollashtirishi bo‘yicha ham kelishib olmoqchi.

NATO tezkor harakatlanish kuchlari sonini 40 mingdan 300 mingga oshirmoqchi, bunday kuchlar mojaro yuzaga kelgan holatlarda hududlarga jo‘natish uchun tayyor turadi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top