21:52 / 30.06.2022
15928

Foto: 20-yillarda rus propagandasiga xizmat qilgan chinnilar

1917 yilda Rossiya imperiyasida hokimiyatga bolsheviklar kelib, podsho Rossiyasi tugatildi. Podsho Rossiyasining barcha narsasidan voz kechgan bolsheviklar nega oq chinnilar ishlab chiqariladigan zavodni saqlab qolgan?

Rossiyaning hozirgi Sankt-Peterburg hududida 20-asr boshlarida podshoning chinni fabrikasi bo‘lib, u yerda hashamdor idishlar yasalgan. 1917 yilda podsho Rossiyasini ag‘dargan bolsheviklar eski tuzumning hamma narsasidan voz kechadi, biroq Podsho chinni zavodi deb atalgan fabrikani saqlab qoladi. Nomi Davlat chinni fabrikasi deb o‘zgartiriladi.

Fabrika Vladimir Lenin hukumatiga o‘z g‘oyalarini tashviq qilish uchun kerak bo‘lgan. Bir vaqtlar zarhal hoshiyalar bilan bezatilgan chinnilarga odamlarda sotsialistik mafkuraga ishtiyoq uyg‘otuvchi rasmlar chizib ishlab chiqarila boshlangan.

Chinnilarga sovet hokimiyatining belgisi hisoblangan o‘roq va bolg‘a tasviri tushirilgan. Bu 2 ish quroli ayni paytda ishchi va dehqon jamiyati haqida ham eslatardi. Keyinchalik o‘roq va bolg‘a hatto Sovet Ittifoqi bayrog‘iga ham kiritilgan. Chinnilarga tushirilgan rasmlar dizayner Sergey Chexonin g‘oyalari bilan yuzaga kelgan.

Leninizm mafkurasining asosi mamlakatda mahsuldorlikni oshirish bo‘lgan. Shu sabab ham chinnilarda zavod, fabrikalar va ularning tutun chiqarayotgan mo‘rilari, telegraf simlari tasvirlangan. Podsho hukumati davrida esa bu chinnilar zodagonlarni eslatuvchi zarhal bezaklar va chorvachilikka oid tasvirlar bilan bezalgan bo‘lgan.

Agitatsiya maqsadida yasalgan chinnilarga Leninning tasviri va uning atrofida odamlarni mehnatga undovchi rasmlar tushirilgan. Maqsad – proletariatni ruhlantirish bo‘lgan.

Mixail Adamovich, Anton Komashka va Natalya Dankoning chinni haykalchalarida ham qurol olib, yuzida xursandchilik bo‘lgan dehqonlar, ildam qadamlar bilan kelajakka qadam tashlagan ozod bo‘lgan ishchilar aks etgan.

O‘sha paytda avangard yo‘nalishining eng taniqli vakillari Vasiliy Kandiksiy, Kazimir Malevich yangi tuzumga mos keladigan idiomalar ustida ishlagan. Lekin chinnilar ochlikdan qiynalayotgan sovet aholisi uchun qimmatlik qilgan. Shu sabab ular asosan yuqori tabaqa vakillari uyida turgan.

Chinnilarni san’at asari emas, tarixning bir bo‘lagi, Lenin va Stalin siyosatini namoyish qiluvchi vosita, deb qarash to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki ular ijodkorlarning xohishi bilan emas, hukumat bosimi bilan yuzaga kelgandi.

Top