12:54 / 30.06.2022
22909

O‘zbekistonda yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yishning yangi tartibi belgilandi

“Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonun prezident tomonidan imzolandi.

Foto: Shutterstock

“Huquqiy axborot” kanali xabariga ko‘ra, yer uchastkalarini quyidagi maqsadlarda kompensatsiya evaziga olib qo‘yish jamoat ehtiyojlari deb e’tirof etiladi:

  • mudofaa va davlat xavfsizligi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ehtiyojlari, erkin iqtisodiy zonalarni, erkin savdo zonalarini tashkil etish va ular faoliyat ko‘rsatishi uchun yerlar berish;
  • xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish;
  • foydali qazilmalar konlarini qidirish va qazib olish (bundan keng tarqalgan foydali qazilmalar konlari mustasno);
  • respublika hamda mahalliy ahamiyatga molik avtomobil va temir yo‘llarni, aeroportlarni, aerodromlarni, aeronavigatsiya obektlarini hamda aviatexnika markazlarini, temiryo‘l transporti obektlarini, ko‘priklar, metropolitenlar, tunnellarni, energetika va aloqa tizimi muhandislik obektlari hamda tarmoqlarini, kosmik faoliyat obektlarini, magistral quvurlarni, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini, irrigatsiya va melioratsiya tizimlarini qurish (rekonstruksiya qilish);
  • tasdiqlangan aholi punktlari bosh rejalari obektlarni davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qurishga oid qismini bajarish;
  • davlat investitsiya dasturlarida ko‘rsatilgan davlat ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatish muassasalari binolari hamda inshootlarini markazlashtirilgan investitsiyalar hisobidan qurish nazarda tutilgan loyihalarni amalga oshirish.

Yer uchastkalari har qanday boshqa maqsadlarda olib qo‘yilishini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish sifatida talqin etish taqiqlanadi.

Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi, mahalliy kengash yer uchastkasini olib qo‘yish bo‘yicha tashabbusni dastlabki tarzda ko‘rib chiqishga doir majlislari OAV va jamoatchilik vakillari ishtirokida ochiq o‘tkaziladi.

Mahalliy kengash yer uchastkasini olib qo‘yish to‘g‘risidagi qarori qabul qilingandan keyin hokimliklar huquq egalari bilan kompensatsiya shartlari, turlari va miqdori bo‘yicha kelishuvga erishishga doir ishlarni amalga oshiradi. 

Huquq egasi bilan kelishuvga erishilmagan taqdirda, huquq egasini kelishuvni imzolashga majbur qilish maqsadida ko‘chmas mulkni erkin tasarruf etishiga monelik qiladigan xatti-harakatlarni sodir etishga, huquq egasining munosib hayot kechirishi uchun monelik qiladigan shart-sharoitlarni yaratishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.

Top