19:47 / 30.06.2022
6901

Tanzila Norboyeva Ozarboyjon prezidenti va Milliy majlisi raisi bilan uchrashuvlar o‘tkazdi

30 iyun kuni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi parlament delegatsiyasining tashrifi doirasida Boku shahrida Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashuv tashkil etildi. 

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Senat matbuot xizmati xabarida aytilishicha, suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Ozarboyjon hamkorligini, xususan, ikki mamlakat parlamentlari orqali rivojlantirishning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. 

Ozarboyjon rahbarining yaqinda O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalda ro‘yobga chiqarish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. 

Shuningdek, Tanzila Norboyeva Ozarboyjon Milliy majlisi raisi Sohiba Gafarova bilan uchrashdi. 

Uchrashuvda ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi ishonchli munosabatlar O‘zbekiston va Ozarboyjon xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashning asosi va poydevori ekanligi, shuningdek, parlamentlararo hamkorlikning yangi istiqbollarini ochib berishi ta’kidlandi. 

Tomonlar O‘zbekiston va Ozarboyjon o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalarning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildi. Jumladan, ikki mamlakat parlamentlari tegishli qo‘mitalari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik muhimligi qayd etildi. Ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini hal etish, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda parlament a’zolarining roli ham alohida ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida o‘zaro manfaatli barcha masalalar yuzasidan parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Mavzuga oid
Top