14:17 / 01.07.2022
9013
Belarus Polsha fuqarolari uchun vizasiz kirishni joriy qildi

Polsha fuqarolariga Belarusga yil oxirigacha vizasiz kirishga ruxsat berildi. PZR testi va kovidga qarshi emlash sertifikati kerak emas, deya xabar qildi Davlat chegara qo‘mitasi. Ayni paytda, Polsha Belarus bilan chegarada devor o‘rnatgan.

Foto: DW

Belarus Polsha fuqarolari uchun vizasiz kirishni joriy qildi. Yangilik 1 iyul, juma kunidan 31 dekabrgacha amal qiladi, deya ma’lumot berdi Belarus Davlat chegara qo‘mitasi. Idora bu qadamini yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini saqlab qolish bilan izohladi.

Polsha fuqarolari chegarani nazorat-o‘tkazish punktlarida kesib o‘tishlari mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, ularga chegara zonasiga ruxsatnomasiz tashrif buyurishga ruxsat beriladi. Vizasiz kirish uchun chet elga chiqish bo‘yicha hujjat asl nusxasi, avtomobilda sayohat qilishda «yashil karta»ni taqdim etish, shuningdek, tibbiy sug‘urtaga ega bo‘lish kerak. Chegarani kesib o‘tish uchun PZR testi va COVID-19 emlash sertifikati talab qilinmaydi, deyiladi Davlat chegara qo‘mitasi xabarida.

Bundan tashqari, 15 apreldan boshlab Latviya va Litva fuqarolari Belarusga joriy yilning oxirigacha vizasiz kirishlari mumkin. Shu bilan birga, chet elliklar 10 kun ichida Belarusda vaqtincha bo‘lish joyida ro‘yxatdan o‘tishlari kerak.

Ayni vaqtda, Polsha ichki ishlar va ma’muriyat vaziri Mariush Kaminski 30 iyun kuni Belarus bilan chegarada 186 km uzunlikdagi devor qurilishi yakunlanganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, qurilishning umumiy qiymati 350 million yevroga yetgan. Polsha-Belarus chegarasining uzunligi - taxminan 400 km.

Rasmiy Varshava 2021 yilda Belarusdan muhojirlar oqimi ko‘payganidan so‘ng qo‘shni davlat bilan chegarada devor qurishga qaror qildi. O‘sha yilning may oyi oxirida Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko Minsk Belarus orqali Yevropa ittifoqiga kirishga uringan noqonuniy muhojirlarni boshqa qo‘lga olmasligini e’lon qilgan edi.

Shundan so‘ng, Yaqin Sharq mamlakatlaridan Belarusga parvozlar soni ko‘paydi, birinchi navbatda Litvaga, keyin esa Polshaga noqonuniy migrantlar oqimi keskin oshdi. Yevroittifoqning qator davlatlari, jumladan, Polsha rasmiy Minskni Yevropa ittifoqining Belarusga qarshi sanksiyalariga javoban migratsiya inqirozini ataylab qo‘zg‘atganlikda aybladi.

Mavzuga oid
Top