14:11 / 01.07.2022
9028
“Boshqa farzand ko‘rolmayman – yolg‘izim esa og‘ir xasta”: sinovlari tugamagan ayol iztiroblari

Shoira To‘xtasinova 2-guruh nogironi, turmush qurib 10 yil deganda farzandli bo‘lgan. Ammo qizida aniqlangan murakkab xastalik tufayli ilojsizlik iskanjasida qolgan.

Ona o‘ziga berilgan har qanday dardni, sitamni ko‘tarishi mumkin. Lekin farzandiga kelgan xastalikdan undan ko‘proq aziyat chekadi.

Shoira To‘xtasinova ana shunday onalardan biri. Uning o‘zi 2-guruh nogironi bo‘lishiga qaramay, necha yillardan beri bardosh bilan o‘ziga kelgan tashvishlarni birma-bir yengib kelmoqda. Taqdirning unga bergan tuhfasi – 2 yashar qizalog‘ining murakkab kasallik sabab qiynalayotganini ko‘rish og‘ir bo‘layotganini aytadi.

“O‘zim nogironligim tufayli shu qizimdan keyin shifokorlar farzand ko‘rishni taqiqlashdi. O‘zi 10 yil deganda tilab olgan bolam edi. Yolg‘iz qizim esa umuman ovqatlanmaydi, majburlab ovqatlantirsak ahvoli yomonlashadigan bo‘ldi. Shundan so‘ng shifokorlar unga dolixokolon tashxisini qo‘yishdi. Zudlik bilan operatsiya o‘tkazilishi kerak ekan”,- deydi ayol.

Ayni paytda uy-joysiz, og‘ir moddiy ahvolda yashayotgan oila uchun bu operatsiyani o‘tkazish uchun mablag‘ yo‘q. Chunki onani davolatish maqsadida yashab turgan uylarini ham sotishgan. Oila a’zolari hozir Shoiraning onasiga tegishli hovlida 4 oila birgalikda yashashadi. Xadichaning otasi, oila boshlig‘i novvoylik bilan shug‘ullanadi. Lekin ba’zida topgani oiladagi bir emas, ikki bemorning muntazam muolajalari uchun yetmay qoladi.

“Sinovlarga shukur qilib yashayman. Avvaliga farzandsizlik vajidan sinaldim, keyin uysizlik, salomatlik sabab. Endi esa bolamning xastaligiga chidash qiyin bo‘lyapti. U tuzalib, sog‘lom bolalar qatori yashasa bo‘ldi. Boshqa farzand ko‘ra olmayman”,- deya o‘kinadi qizaloqning onasi.

Boshga sinovlar kelganda sabrning mukofoti bor. Shu sabr bilan yashayotganlarga najot qo‘lini cho‘zish esa sizga mukofotning kafolatidir. Halol mehnati bilan bir oilada ikki bemorni parvarish qilayotgan otaga madad bo‘laylik.

Xadicha G‘iyosiddinovaga oid ma’lumotlar:

O‘zkard: 8600 0610 7314 2340 onasi Shoira To‘xtasinova nomida

O‘zkard: 8600 1309 0858 2382 onasi Shoira To‘xtasinova nomida

Manzil: Andijon shahri, Quvvat ko‘chasi – 35.

Gulmira Toshniyozova tayyorladi.

Tasvirchi – Abdusalim Abduvohidov.

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Top