08:24 / 01.07.2022
17864
Shvetsiya va Finlandiya Erdo‘g‘anning talabiga sovuq munosabat bildirdi

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Stokholm va Helsinkidan «73 nafar terrorchi»ni topshirishni talab qildi, ammo u bir kun oldin 33 kishi haqida gapirgandi. «Shvetsiya fuqarolari ekstraditsiya qilinishi mumkin emas», - deya ma’lum qildi Shvetsiya Adliya vazirligi.

Foto: Reuters

Shvetsiya va Finlandiya Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning «73 nafar terrorchi»ni ekstraditsiya qilish talabiga sovuq munosabat bildirdi. Turkiyadagi to‘ntarishga aloqadorlikda gumon qilingan kurdlarni ekstraditsiya qilish bo‘yicha har qanday qaror mustaqil sudlar tomonidan qabul qilinadi, dedi Shvetsiya adliya va migratsiya vaziri Morgan Yuxansson. Uning yozma izohi 30 iyun, payshanba kuni AFP agentligi tomonidan chop etilgan.

«Shvetsiyada milliy qonunchilikni mustaqil sudlar amalga oshiradi. Shvetsiya fuqarolari ekstraditsiya qilinmaydi. Fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar boshqa davlatlar talabiga ko‘ra ekstraditsiya qilinishi mumkin, biroq u Shvetsiya qonunchiligi va Yevropa konvensiyasiga muvofiq bo‘lishi kerak», – deydi idora rahbari.

Turkiya 29 iyun kuni Finlandiyadan 12 va Shvetsiyadan 21 gumondorni ekstraditsiya qilish talabini bildirdi. Bir kun o‘tib, 30 iyun kuni Erdo‘g‘an yana bir raqam – 73 nafar «terrorchi» haqida gapirdi. Anqaraga ko‘ra, bu odamlar yo kurd «jangarilari» yoki Erdo‘g‘an 2016 yilgi davlat to‘ntarishiga urinishda aybdor deb hisoblagan muxolifatchi Fathulloh Gulen boshchiligidagi guruh a’zolaridir.

«Barcha (33 ta) ishlar Finlandiyada allaqachon ko‘rib chiqilgan», – deya izoh berdi mamlakat prezidenti Sauli Niinistyo. Finlandiya Adliya vazirligi Turkiyadan ekstraditsiya bo‘yicha «yangi» so‘rovlar olmaganini qayd etdi.

Rajab Toyyib Erdo‘g‘an, o‘z navbatida, Turkiya Shvetsiya va Finlandiyaning NATOga kirishini, agar bu davlatlar Anqara bilan kelishuvlarni bajarmasa, to‘sib qo‘yishi mumkinligini aytdi. Turkiya prezidenti Madriddagi NATO sammiti yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida tegishli izoh berdi. «Agar Skandinaviya davlatlarining arizasi Turkiya parlamenti tomonidan ma’qullanmasa, NATOga qabul qilish jarayoni yakunlanmaydi. Shuning uchun Finlandiya va Shvetsiya o‘z majburiyatlarini bajarishi kerak», – dedi Erdo‘g‘an.

29 iyun kuni NATO Shvetsiya va Finlandiyani alyansga a’zo bo‘lishga rasman taklif qildi. Qo‘shilish protokollari 5 iyulda imzolanishi kerak. Shundan so‘ng ularni NATOga a’zo 30 ta davlatning barchasi ratifikatsiya qilishi kerak bo‘ladi. Agentlik hisob-kitoblariga ko‘ra, bu olti oydan sakkiz oygacha davom etishi mumkin.

28 iyun kuni Turkiya, Shvetsiya va Finlandiya rahbarlari Helsinki va Stokholmning NATOga a’zo bo‘lish istiqbollari bo‘yicha Madridda o‘tkazilgan muzokaralar yakunlari yuzasidan 10 banddan iborat qo‘shma memorandumni imzoladilar.

Unda qayd etilishicha, uch tomon terrorizmga qarshi kurashda hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha qo‘shma mexanizm shakllantiradi hamda Finlandiya va Shvetsiya bu masala bo‘yicha «ichki qonunchilikni yanada qat’iylashtirish uchun barcha zarur choralarni ko‘radi».

Shvetsiya fuqarolarning etnik kelib chiqishiga oid rasmiy statistikani yuritmaydi. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 10 million aholiga ega mamlakatda 100 mingga yaqin kurd istiqomat qiladi.

Top