17:19 / 05.07.2022
21283

Xorijlik blogerlar uchun odatiy syurpriz. Serbiyalik sayyoh dron sabab O‘zbekistonda ushlab turilibdi

Serbiyalik sayohatchi-bloger Iv Beserovach O‘zbekistonga kirishda va keyinchalik mahalliy aeroportlarda ham yuklari orasida droni borligini bojxonachilar ko‘rishgani, lekin indashmaganini aytmoqda. Ivning Kun.uz'ga so‘zlab berishicha, hamma muammo uni O‘zbekistondan chiqib ketishda kutib turgan ekan.

O‘zbekistonga kelib turli noqulay vaziyatlarga tushib qolgan xorijliklar haqida eshitib qolamiz. Kimdir pasportini yo‘qotib qo‘yadi, yana kimdir qonunlarni buzgani uchun sudga tortiladi.

Ammo Kun.uz'ga murojaat bilan kelgan serbiyalik trevel-bloger Iv Beserovach tushib qolgan vaziyat biroz g‘ayritabiiy. Uning holati qonunlarimizdagi mantiqsizlik va mamlakat “darvozasi” – bojxonalardagi muammoni yana bir bor yuzaga chiqardi.

Beserovachning so‘zlariga ko‘ra, u odati bo‘yicha mamlakatlararo sayohatining bir qismi sifatida Istanbuldan samolyotda Xorazmga kelgan. O‘zi bilan olib kelgan barcha jihozlari, shu jumladan dron moslamasini ham Urganch aeroportida bojxonadan hech qanday e’tirozlarsiz olib o‘tgan.

O‘zbekistondagi sayohati mobaynida Urganch, Buxoro Samarqand va Nukus shaharlarida bo‘lib, o‘zining blogi uchun kontent yig‘gan.

U O‘zbekistonga safarini yakunlab, Qozog‘istonga uchib ketishi lozim edi. Ammo Toshkent xalqaro aeroportida uni yuklari orasidagi dron sabab ushlab qolishgan.

Mana, 8 kundirki, mamlakatni tark eta olmayapti. U Kun.uz'ga boshidan o‘tkazganlarini so‘zlab berdi.

“O‘zbekistonning turizm potensialini dunyoga ko‘rsatish muhim. O‘zbekiston yanada ko‘proq turistlar kelishida kattaroq natijaga erishishi mumkin, chunki eng zerikarli davlatlar ham turizmdan ko‘proq pul ishlay oladi. Mamlakatingiz esa turizm ko‘proq ish o‘rinlarini yarata oladi, chunki ko‘rishga arziydigan narsalar juda ko‘p – faqat uni dunyo ko‘rishi kerak.

O‘zbekistonga Istanbuldan uchdim va Urganch aeroportiga qo‘ndim. Aeroportda hamma narsalarimni: kamera, dron solingan sumkalarimni tekshirishdi. Hammasi yaxshi edi. O‘zbekiston bilan birgalikda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Kuvayt kabi 6-7ta mamlakatni ko‘rishni rejalashtirgandim. Biroq O‘zbekistonning dronlarga oid qonunchiligini o‘rganmaganim mening aybim bo‘ldi. Chunki 3-4 haftada 6-7 mamlakatga borishim kerak edi, juda ko‘p axborot o‘rgandim, biroq O‘zbekistonda dronlar taqiqlanganini o‘rganmabman.

Chegaradan o‘tishda bojxona postida narsalarimni skaynerga qo‘yganimda politsiya hammasini tekshirib, indamadi. Ular dronni ham ko‘rishdi. Keyingi manzilim Nukus va Buxoroda ham yuklarimni tekshirib, hech narsa deyishmadi. Hech narsani yashirmadim, dron va kameralarim solingan barcha sumkalarim yelkamga ilingandi.

O‘zbekistonda drondan foydalanmadim, chunki uni Turkiyada sindirib qo‘ygandim, xohlasam ham uni ishlata olmasdim, chunki yaroqsiz holga kelgandi. Toshkent xalqaro aeroporti orqali Qozog‘istonga ketayotganimda, meni to‘xtatib qolishdi, sababi dron noqonuniy narsa ekan.

“Bu nima”, deb so‘rashdi; “dron” dedim. “Dron noqonuniy ekanini bilarmidingiz?” deb so‘rashdi; “Yo‘q, bilmasdim” deb javob berdim. Axir bu yerga kelgach ham aeroportda hech kim indamadi, 2 hafta O‘zbekiston hududida erkin yurdim, 4-5ta bojxona postlaridan tekshiruvdan o‘tdim, hech kim dron noqonuniyligini aytmadi.

5-6 soat aeroportda ushlab turishdi, politsiya haqiqatan juda yaxshi, ularga shikoyatim yo‘q, ammo umumiy jarayondan qoniqmadim. Bu voqea o‘tgan hafta seshanba kuni sodir bo‘ldi, lekin 5-6 kundan beri yana necha kun kutishim haqida bilmayman. Bu yerda mamlakatimning elchixonasi ham yo‘q va hatto bundan keyin nima qilishim kerakligini so‘rash uchun kimga bog‘lanishni bilmayman.

Men trevel-blogerman va bu yerga shunchaki mamlakatingiz haqida vlog suratga olish uchun keldim. Bundan boshqa sabab yo‘q. Bugun ularga qo‘ng‘iroq qildim, lekin javob berishmadi. Ularni ayblamoqchi emasman, 7 kun bo‘lsa shuncha vaqt kuta olaman, ammo qancha kutishimni aniq bilmayman. Aeroportda hammasini tushuntirib yozdim, lekin ular shunchaki kutishimni aytishdi. Biroq O‘zbekistonda rejamdan ortiq vaqt davomida qolishimga to‘g‘ri kelgani tufayli mehmonxonaga ortiqcha pul sarflashim kerak, bundan tashqari Qozog‘iston, Qirg‘iziston va uyimga ketish uchun olgan chiptalarim kuyib ketdi.

Agar muammoni hal qilsam, Qirg‘izistondan Istanbulga chipta olishim kerak, ammo hal qilolmasam bu yerdan to‘g‘ri Istanbulga chipta olishga to‘g‘ri keladi. Biroq Toshkentdan Istanbulga chipta narxi 600 yevro, bu juda ham qimmat. Bu yerda hamma odamlar yaxshi, yordamga tayyor, lekin bu yerda qancha vaqt qolishim aniq emas, asosiy muammo shunda” – deydi u.

Iv bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan ma’lumot olish maqsadida Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Husan Tangriyev bilan bog‘landik. U masalaga oydinlik kiritilishini ma’lum qildi.

Mamlakat qonunchiligiga ko‘ra, uchuvchisiz uchuvchi qurilmalarni qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Ammo yonida droni bo‘lgan xorij fuqarosi chegarani kesib o‘tishiga ruxsat berilganini qanday izohlash mumkin.

Bu – jamoatchilikka ma’lum bo‘lgan birinchi holat emas. 2022 yilning o‘zida aynan shu kabi vaziyatlar ikki bora kuzatildi. Ularning har ikkalasi ham chegaradan droni bilan o‘tkazilgan va mamlakatni tark etayotganda to‘xtatib qolingan. Bu ham bojxona tizimida o‘ziga yarasha nuqsonlar mavjud ekanini ko‘rsatadi.

Iv tushib qolgan vaziyat o‘z yo‘liga, muammosi hal bo‘lmay qolmaydi. Ammo masalaning boshqa tomoni bor. Dron bilan bog‘liq vaziyatda muammoga duch kelgan xorijlik trevel-blogerlar asosiy maqsadi O‘zbekistonning turistik imkoniyatlarini namoyon qilish ekanini ta’kidlaydi. Biroq qonunchilikdagi qat’iy cheklov tufayli ular dronlardan foydalana olishmaydi.

O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini dunyoga ko‘z-ko‘z qilishda asqatadigan, zamonaviy ilm-fan mahsuli bo‘lgan dronlardan foydalanishda imkoniyatlar berish vaqti kelmadimi?

Madina Ochilova tayyorladi.

Operator va montaj ustasi – Asadbek Kuryazov.

Mavzuga oid
Top